Jamiyat | 22:47 / 02.10.2016
43773
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon musulmonlari uchun yangi 1438 hijriy yil kirib keldi

Bir qancha musulmon mamlakatlaridagi oy kuzatuvi tadqiqiga ko‘ra, bugun, 2016 yilning 2 oktabr kuni Hijriy taqvimning 1438 yili kirib keldi. Yangi yilning birinchi oyi – Muharram oyidir.

Muharram oyi hijriy-qamariy yil hisobining birinchi oyi bo‘lib, Islomdagi hurmatli oylardan biridir.

Islom dunyosida yil boshi – Muhammad payg‘ambarning Makkadan Madinaga ko‘chib o‘tgan yili hisoblanadi. Gregorian taqvimiga ko‘ra u 7 asrning 622 yiliga to‘g‘ri keladi. Ushbu yil Hijra yili deb atalgani uchun islom taqvimining nomi ham Hijriy taqvim deyiladi.

Hijriy-qamariy yil hisobi Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)   hijratlaridan olingan va oy (qamar) taqvimiga asoslangan. Ushbu yil hisobi hazrati Umar roziyallohu anhuning tashabbuslari bilan 16-hijriy sanadan boshlab tatbiq etilgan.

Muharram oyi bu – tavba qilish va namoz o‘qish vaqtidir. Har bir musulmon ushbu oyni ro‘zada, namozda va ezgu ishlar bajarib o‘tkazgani ma'quldir. Islom o‘gitlariga ko‘ra, Muharram oyi ro‘za tutish uchun Ramazondan keyingi eng yaxshi oy hisoblanadi. Ushbu oy kirishi bilan musulmonlarga jang qilish, qon to‘kish, biror kishiga ozor berish mumkin emas.. Musulmonlar, odatda yangi yilni alohida taraddud bilan kutib olishmaydi, lekin yangi oyning o‘ninchi kuniga to‘g‘ri keladigan Ashuro bayramini ko‘tarinki ruh bilan qarshi olishadi. Ashuro bayrami – bu barcha payg‘ambarlarni esga olish hamda Alloh eng ko‘p ajoyibotlar, jumladan Yer-u zamin hamda osmonu falakni yaratgan kun hisoblanadi. Hijriy taqvim Gregorian taqvimiga qaraganda 11-12 kun kaltaroq, shuning uchun musulmon yangi yili har yil har xil kunlarga to‘g‘ri keladi. Masalan 2008-2010 yillarda yangi yil dekabr oyiga to‘g‘ri kelgan edi.

Mavzuga oid