10:09 / 03.10.2016
3705

Kolumbiya prezidenti FARC bilan tinchlik sulhi bo‘yicha referendumdagi mag‘lubiyatni tan oldi

Kolumbiya prezidenti Huan Manuel Santos hukumat va «Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlari» (FARC) isyonchilari o‘rtasidagi kelishuv yakshanba kuni o‘tkazilgan umummilliy referendum yakunlariga ko‘ra xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaganini tan oldi. U shu bilan birgalikda tinchlik o‘rnatilishi bo‘yicha kurash davom etishiga va'da bergan.

"Men tan bermayman. Prezidentligimning oxirgi daqiqasiga qadar tinchlik uchun kurashaman", degan Santos xalqqa telemurojaati vaqtida.

U shuningdek, sulh bitimi muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsada isyonchilar bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv amalda qolishini aytib o‘tgan.

Kolumbiya hukumati ma'lumotiga ko‘ra, 99,79 foiz byulletenlar hisoblangach, referendumda ishtirok etganlarning 50,23 foizi kelishuvga qarshiligi, 49,76 foizi roziligi ma'lum bo‘lgan.

O‘tgan oy oxirida Tinchlik haqidagi bitim 52 yil davom etgan fuqarolik urushidan so‘ng imzolangandi. Mazkur davr ichida 260 ming kishi halok bo‘lgan, yana olti million odam o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Top