Jamiyat | 08:41 / 03.10.2016
6302
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada avtomobil avtobus bekatiga urilishi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi

2 oktabrda Moskvada yengil avtomobil avtobus bekatida turgan 4 kishini urib ketdi. Oqibatda ularning 3 nafari halok bo‘ldi, yana biri jarohat oldi.

"1- Vladimirskiy ko‘chasida Hyundai Solaris avtomobili yo‘l chetidagi bordyurga urilib, bekatda turgan 4 kishini urib yuborgan", deb ma'lum qilindi Moskva yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspeksiyasi boshqarmasi matbuot xizmatida.

Ma'lum qilinishicha, halok bo‘lganlar orasida 13 yoshli qizcha va o‘rta yoshlardagi erkak bo‘lgan. Dastlab mashina haydovchisi voqea joyidan qochib ketgani ma'lum qilingan, biroq keyinroq u atrof bo‘ylab karaxt holda tentirab yurgan holda topilgan va qo‘lga olingan.

Fojia joyidan olingan suratlardan ko‘rinishicha, bekatga urilgan avtomobil karsheringga (bir necha daqiqa yoki bir necha soatga qisqa muddatga ijaraga olish) olingan bo‘lgan. Uning korpusida "Delimobil" kompaniyasi ramzi tushirilgan bo‘lgan.

Karshering xizmati avtomobillaridan haydovchilik staji 2 yildan kam bo‘lmagan, 21 yoshdan katta barcha istovchilar foydalanishi mumkin.  

Bu voqea ushbu kompaniya avtomobili ishtirokida oxirgi kunlarda yuz bergan ikkinchi noxushlik bo‘ldi. 30 sentabrda kompaniya mijozi yo‘l chetidagi ariqqa tushib ketib, mashinani voqea joyida tashlab ketgandi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid