20:57 / 05.10.2016
64110

AQShda 18 yoshli o‘zbekistonlik qotillik qurboni bo‘ldi

AQShning Merilend shtatida 2 oktabr kuni o‘zbekistonlik talaba yigit, 18 yoshli Sardor Fayziyev otib o‘ldirildi. Bu haqda Uz-Rek.com saytida AQShdagi o‘zbek muhojirlariga asoslanib xabar bergan.

Marhum o‘zbekistonlik bo‘lib, Reysterstaundagi Franklin High School o‘quv yurtida ta'lim olardi. Uning oilasi 2006 yilda Amerikaga ko‘chib borgan va Merilendda istiqomat qilgan. U oiladagi yagona o‘g‘il edi, endilikda bu oilada 2 qiz farzand qoldi.

Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, Reysterstaun tumanida, kunning kech vaqtida 18 yoshli Sardor Fayziyev 2 do‘sti bilan mashinada o‘tirganida, noma'lum qora tanli jinoyatchi tomonidan boshiga o‘q uzilishi oqibatida jon bergan.

Aniqlik kirtilishicha, mashinada o‘tirgan yigitlar oldiga boshqa bir guruh kelgan. Tezda ular o‘rtasida nizo chiqqan va kelganlardan biri Sardorning boshiga o‘q uzgan. Shundan so‘ng hujum qilganlar o‘z mashinalariga o‘tirib, voqea joyini tark etgan.

Sardorning do‘stlari politsiya va “tez yordam” chaqirishgan. Og‘ir ahvoldagi yigit Merilend universiteti gospitaliga olib borilgan. Shifokorlar uning hayotini saqlab qola olishmagan. O‘lim sababi sifatida miya faoliyatining to‘xtagani qayd etilgan.

Politsiya Sardor Fayziyevning o‘limida gumon qilinganlardan birini qo‘lga olgan va yana 2 shaxsni qidirishda davom etmoqda.

Detektivlar 20 yoshli Brayn Lionel Gonsalesni qotillikdagi asosiy gumonlanuvchi sifatida baholashmoqda. Gonsales qotillik va hujum uyushtirishda ayblanmoqda. Hozirda u Baltimor okrugi qamoqxonasida garov evaziga ozodlikka chiqish huquqidan mahrum etilgan holatda saqlanmoqda.

Tergovchilar bu qotillik avvaldan rejalashtirilgan holda sodir etilgani gumoni yuzasidan qidiruv ishlarini davom ettirmoqda.

Marhumning ota-onasi uning jasadini Toshkentga olib kelishga qaror qilishgan.

Hozirda O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi yordamida marhumning jasadini vataniga qaytarish uchun talab qilinadigan hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Mavzuga oid
Top