Fan-texnika | 00:33 / 06.10.2016
7506
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda samolyot "tuzatilgan" Galaxy Note 7 yongani sababli evakuatsiya qilindi

Foto: Brian Green

Southwest Airlines aviakompaniyasining AQShning Luisvill shahridan Baltimorga uchishi kerak bo‘lgan 944-reysi parvoz oldidan Galaxy Note 7 yonib ketgani sababli evakuatsiya qilindi. Qurilma xavfsiz deb belgilangan yangi smartfonlar partiyasiga tegishli bo‘lgan. Bu haqda The Verge nashri xabar bermoqda. 

Voqea 5 oktabrda mahalliy vaqt bilan ertalab yuz bergan. Brayan Grin ismli amerikalik o‘zining Galaxy Note 7 smartfonini parvoz oldidan o‘chirib, cho‘ntagiga solib qo‘ygan. Shu payt smartfon tutunlanishni boshlagan. 

Smartfon egasi uni cho‘ntagidan olib, darhol polga uloqtirgan. Bu orada tutun kulrang-yashil rangga kira boshlagan. Samolyot ekipaji va yo‘lovchilar darhol evakuatsiya qilingan. Qimmatbaho narsalarni olish uchun samolyotga qaytgan guvohlarning aytishicha, smartfon yonib, gilam qoplamani teshib yuborgan.

Amerikalikning aytishicha, qurilma 80 foizga quvvatlangan bo‘lgan va u smartfonni xarid qilgandan keyin uni quvvatlash uchun faqatgina rasmiy simsiz quvvatlagichdan foydalanib kelgan. 

Smartfon egasining aytishicha, u qurilmani 21 sentabrda AT&T operatori do‘konidan sotib olgan. Smartfon qutisida qora kvadrat belgisi bo‘lgan. Bu belgi smartfon alangalanishga tekshirilgani va xavfsiz ekanligini bildiradi. Kompaniya aynan shunday smartfonlarni ularning alangalanishi bilan bog‘liq mojarodan keyin sota boshlagan hamda birinchi partiyadan sotib olingan smartfonlar o‘rniga bergan. 

Samsung hozircha bu holatga izoh bermagan, biroq qurilma Luisvill o‘t o‘chirish departamentiga tergov uchun berilgan. Grinning aytishicha, u endi iPhone 7’dan foydalanmoqda.

Reys bekor qilingan, yo‘lovchilar esa boshqa samolyotlarga joylashtirilgan.

Samsung akkumulyatorlar portlashi sababli millionlab Note 7’larni qaytarib olgach, qurilmaning bu kamchilikdan tuzatilgan versiyasini Janubiy Koreyada sota boshlagan. Bir kunda u yerda 21 mingtaga yaqin "tuzatilgan" Note 7 sotilgan.

 

Mavzuga oid