12:06 / 07.10.2016
7669

Germaniya Bundestagi Rossiyaga qarshi yangi jazo choralari qo‘llashi mumkin

Foto: AP

Germaniya hukumati Suriyadagi vaziyatning chigallashayotgani tufayli Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini muhokama etmoqda. Mamlakat parlamenti Bundestagning tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi Norbert Rettgen Süddeutsche Zeitung gazetasiga bergan intervyusida ushbu xabarni tasdiqladi

Deputatning so‘zlariga ko‘ra, mazkur holatda Yevropa hech bo‘lmaganda Halabdagi jangovar harakatlarni harbiy jinoyatlarga tenglashtirishi mumkin. «Harbiy jinoyatlarga e'tiborsizlik va uning oqibatlari mojarolarga sabab bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qilgan nemis parlamenti deputati. 

Rettgenning tan olishicha, Rossiyaga qarshi sanksiyalar tezda o‘z natijasini bermaydi, ammo uzoq istiqbolda Moskva siyosatini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Parlament qo‘mitasi rahbari shuningdek, YeIning boshqa mamlakatlarini tanqid qilib, ularni RFga qarshi yangi cheklovlar joriy etishga qo‘rqayotganlikda ayblagan. 

6 oktabr kuni The Wall Street Journal nashri o‘z manbasiga tayangan holda, Germaniya YeIning Rossiyaga qarshi yangi jazo choralarini kiritish tashabbusi bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi. 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa ushbu xabarga o‘z fikrini bildirar ekan, Moskva qo‘shimcha iqtisodiy cheklovlar uchun jiddiy sabab ko‘rmayotganini aytgandi. 

«Keling, unutmaylik, Rossiya Federatsiyasi — xalqaro huquq nuqtai nazaridan baholaganda Qurolli kuchlari Suriya Arab Respublikasida qonuniy bo‘lib turgan yagona davlatdir. Shu bilan birga, barchamiz bilamizki, o‘z Qurolli kuchlarini SARda xalqaro huquqqa rioya qilmagan holda joylashtirgan mamlakatlar ham bor», — deb ta'kidlagan edi Peskov. 

Bundan avvalroq, Oq uy rasmiy vakili Josh Ernest ma'lum qilganidek, Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Suriyadagi siyosatiga ta'sir o‘tkazish maqsadida yangi sanksiyalar qo‘llash imkonini rad etmaydi. 

Top