15:29 / 09.10.2016
7507

Okrug saylov komissiyalari a'zolarining 36,8 foizini ayollar tashkil etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Feruzaxon Ahmedova fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, xotin-qizlarning saylovga tayyorgarlik jarayonidagi ishtiroki yuzasidan quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Ma'lumki, Markaziy saylov komissiyasining bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibi tasdiqlandi, – deydi F.Ahmedova. – Qonunchilikka muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi saylovga kamida yetmish kun qolganda rais, rais o‘rinbosari, kotib va kamida komissiyaning 6-8 a'zosidan iborat tarkibda okrug saylov komissiyalarini tuzadi.

Bunda okrug saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan jamoatchilikning obro‘li vakillari orasidan Markaziy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.
 
Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 23 sentabrda siyosiy partiyalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida biz tavsiya qilingan nomzodlarni ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini tasdiqladik. Unga muvofiq, xalqimiz, jamoatchiligimiz o‘rtasida katta obro‘ va e'tiborga sazovor bo‘lgan 154 nafar yurtdoshimiz okrug saylov komissiyalari a'zolari sifatida tasdiqlandi.

Ta'kidlash kerakki, okrug saylov komissiyalarining hozirgi tarkibi avvalgilardan sifat jihatidan birmuncha farq qiladi. Ro‘yxatga nazar tashlaganimizda, eng avvalo, ayollar, nodavlat notijorat tashkilotlari yetakchi va faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari ko‘pchilikni tashkil etayotganiga ko‘zimiz tushadi.

Bu, menimcha, tabiiy jarayon. Chunki mustaqillik yillarida mamlakatimizda fuqarolik institutlarining jamiyat va davlat boshqaruvidagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, davlat va jamiyat qurilishida xotin-qizlarning maqomini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishi samarasida ularning yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hamda sotsial-iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlashdagi hissasi tobora ortib, keng jamoatchilikning ishonchi hamda hurmatiga sazovor bo‘lmoqda.

Shu bois Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat hokimiyati vakillik organlarining shu yil 20-21 sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan sessiyalari yig‘ilishlari yakuniga muvofiq, aynan mazkur qatlam vakillari jamoatchilik o‘rtasida katta hurmatga ega bo‘lgan odamlar sifatida ko‘rilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a'zoligiga nomzodlar sifatida tavsiya etildi. 

Biz okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini o‘rganib chiqqanimizda bunga yana bir bor amin bo‘ldik. Chunonchi, okrug saylov komissiyalari a'zolarining 23,4 foizini NNT yetakchi va faollaridan iborat. Har ikkinchi okrug saylov komissiyasining raisi, to‘rttasida rais o‘rinbosari, oltitasida kotib lavozimlariga NNT vakillari tayinlangani diqqatga sazovor. 

Okrug saylov komissiyalari a'zolarining sakkiz nafari ommaviy axborot vositalari vakillari hisoblanadi. Xususan, Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, Farg‘ona okrug saylov komissiyasi raisi N.Sobirov “Farg‘ona haqiqati” va “Ferganskaya pravda” gazetalari bosh muharriri lavozimida faoliyat ko‘rsatib keladi.

Ayni vaqtda okrug saylov komissiyalari a'zolarining 36,8 foizini opa-singillarimiz tashkil etayotganiga ham alohida urg‘u berishni istardim. Ularning 12 nafari komissiyalarda rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Avvalgi saylovlar bilan taqqoslaganda, bu borada ham ijobiy o‘zgarishlar yuz bergan. Jumladan, 2015 yilda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida okrug saylov komissiyalarining 15 foizi, 2014 yilda o‘tkazilgan parlament saylovida esa komissiya a'zolarining atigi 8 foizini ayollar tashkil etgan.

– Bugungi kunda mamlakatimiz hamda xorijda 9376 saylov uchastkasi tuzildi. Uchastka saylov komissiyalarining tarkibi qachon shakllantiriladi?
 
– Tez kunda. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga muvofiq, okrug saylov komissiyalari saylovga kamida qirq kun qolganda 5-19 a'zo, jumladan, rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda uchastka saylov komissiyalarini tuzishlari zarur.

Shu o‘rinda mamlakatimizda uchastka saylov komissiyalarini tuzishda ularning mustaqilligi hamda xolisligini ta'minlashga qaratilgan demokratik tartib shakllantirilganini alohida ta'kidlashni istardim.

Chunki, birinchidan, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, saylov huquqiga ega, biron bir siyosiy partiyaning a'zosi bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylov komissiyalarining a'zosi bo‘lishlari mumkinligi belgilangan.

Ikkinchidan, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining a'zoligiga nomzodlarni tegishli okrug saylov komissiyalariga taqdim etadi.

Uchinchidan, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 181-moddasiga ko‘ra, uchastka saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi va tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi. Okrug va uchastka saylov komissiyalarining a'zolari jamoatchilikning obro‘li vakillari orasidan tasdiqlanadi.

Mamlakatimiz qonunchiligida belgilangan ushbu me'yorlar uchastka saylov komissiyalarini shakllantirishning barcha bosqichlarida fuqarolarning bilvosita ishtirokini, barcha siyosiy partiyalar hamda keng jamoatchilik manfaatlari aks etishini ta'minlashga xizmat qiladi.

Saylov komissiyalari faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun ma'muriy javobgarlikning belgilangani ularning mustaqilligini belgilab beradigan muhim omil hisoblanadi. Bu ularga tashqi ta'sirlardan xoli ravishda faoliyat ko‘rsatish, fuqarolarning saylov huquqlarini ta'minlash bo‘yicha yanada samarador ish yuritishi imkonini beradiki, mening fikrimcha, adolat va demokratiya tamoyillariga amal qilingan holda o‘tkaziladigan saylovlarning muhim sharti hisoblanadi.

Saylovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, ularning saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda o‘tkazish yuzasidan xabardorligini oshirish maqsadida mahalliy matbuotda saylov komissiyalari ro‘yxati manzili hamda aloqa telefonlari ko‘rsatilgan holda chop etilayotganini ta'kidlamoqchiman. Saylov uchastkalarida ona va bola xonasi, tibbiyot punkti faoliyat ko‘rsatadi. Uchastka binosi zarur mebel, orgtexnika, shuningdek, davriy nashrlar bilan ta'minlanadi.

Behzod Bozorov suhbatlashdi

Top