13:10 / 10.10.2016
12043

Buxoroda ishlatib bo‘lingan bir martalik tibbiy jihozlar odamlarga pullangani ma'lum bo‘ldi

Foto: © RIA Novosti

Dilshod Barakayev “Toshpo‘latov Anvar Karimovich” xususiy korxonasida tibbiy buyumlarni yig‘ish menejyeri lavozimida ishlashidan foydalanib, mazkur korxonaning bir marotaba foydalaniladigan tibbiy chiqindilarini olib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish haqidagi shartnomasini qo‘lga kiritadi va uni soxtalashtiradi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

Kompyuter texnikasidan foydalangan holda korxonaga tegishli yumaloq muhrning qalbakisini tayyorlaydi. Keyin esa chiqindilarni olib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish haqidagi soxta shartnomani imzolatib oladi.

Dilshod Barakayev 2015 yilning 11 fevralidan 1 sentabrgacha bo‘lgan muddatda Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat kardiologiya dispanseri, Buxoro, G‘ijduvon, Kogon shahar va Kogon tuman tibbiyot birlashmalarida bir marotaba ishlatiladigan tibbiy jihozlarni “imi-jimi”da olib ketaveradi. Buxoro shahridagi eski “Qorako‘l teri” korxonasidagi ijaraga olgan binodan Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan yuk mashinalarda sotish uchun jo‘natib turadi. D.Barakayev notanish kishilarga har bir shpritsni 1000 so‘mdan pullayveradi. Uning zararsizlantirilmagan tibbiy jihozlardan yuqumli kasalliklar yuqishi va tarqalishi xavfining oshishiga sababchi bo‘ladi.

 D.Barakayev qilmishiga yarasha O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortildi.
 

Mavzuga oid
Top