21:12 / 10.10.2016
8133

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida qo‘shma kommyunike imzolandi

Foto: news.uzreport.uz

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan nemis millatiga mansub fuqarolar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston – Germaniya hukumatlararo komissiyasining to‘qqizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, hukumatlararo komissiya hamraisi S.Nishonboyev, Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Xyofer-Vissing va boshqalar O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlar qaror topgani, bu o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojiga xizmat qilayotganini ta'kidladi.


O‘zbekistonda “Vidergeburt” nemis madaniyat markazi faoliyat yuritmoqda. “O‘zbekiston – Germaniya” va “Germaniya – O‘zbekiston” do‘stlik jamiyatlari xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma'rifiy aloqalarni yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.  

Germaniyada O‘zbekiston, O‘zbekistonda Germaniya haqida ko‘rsatuv va ko‘rgazmalar namoyish etilmoqda, birgalikda madaniy tadbirlar, konsertlar o‘tkazilmoqda. Muntazam tashrif almashuvlar tufayli xalqlarimiz bir-biri bilan yaqindan tanishmoqda, o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlamoqda. O‘zbekiston Qizil yarim oy, Germaniya Qizil xoch, Germaniya texnikaviy hamkorlik jamiyatlari hamkorligining amaliy ifodasi bo‘lgan tibbiy-ijtimoiy markazlar tomonidan aholiga sifatli tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda. 

Tadbirda O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi nemis millatiga mansub aholini tibbiy-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, o‘zaro madaniy, ma'rifiy va texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Majlis yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike imzolandi.


 

Top