O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakatimiz Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 11 oktabrda Surxondaryo viloyatiga tashrifi vaqtida viloyatdagi ko‘plab infratuzilma obektlarida bo‘ldi. Bu haqda uza.uz xabar bermoqda. 
 
Shavkat Mirziyoyev, jumladan, qurilishi davom etayotgan «Amudaryo sohili» sport-sog‘lomlashtirish majmuasi obektlarini ham ko‘zdan kechirdi. 21 gektar maydonni egallagan ushbu hududda 50 dan ziyod obekt quriladi. Jumladan, 200 o‘ringa mo‘ljallangan va yil davomida faoliyat ko‘rsatadigan bolalar sog‘lomlashtirish maskani bunyod etiladi. Majmua tarkibidan ochiq va yopiq suzish havzalari, sport inshootlari, turli to‘garaklar uchun joylar, attraksionlar, sayilgohlar o‘rin oladi.

Shavkat Mirziyoyev Termiz tumanidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan yangi «Gold dried fruits export» mas'uliyati cheklangan jamiyati korxonasida ham bo‘ldi. Bu korxonani tashkil etishga 25 million AQSh dollari yo‘naltirilgan. Meva-sabzavotlar saqlash, quritish, muzlatish va qadoqlashga mo‘ljallangan mazkur korxona Xitoy, Belgiya, Turkiya va Italiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. 350 kishi mehnat qilayotgan korxona mahsulotlari xalqimizga yetkazib beriladi, shu bilan birga, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi.

Korxonaning «Gold agro fresh» agrofirmasi ko‘chatlar parvarish qiladigan issiqxona xo‘jaligiga va intensiv bog‘lariga ega.

Mazkur korxonalar faoliyati bilan tanishish davomida yerlardan foydalanish samaradorligini oshirish, qayta ishlangan meva-sabzavotlarni eksport qilishni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

Bu yerda viloyatdagi fermer, dehqon va yordamchi xo‘jaliklarda meva-sabzavotlar yetishtirishni ko‘paytirish, ularni moliyaviy resurslar va sifatli urug‘lik bilan ta'minlash masalalari ham muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Iso at-Termiziy ziyoratgohida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishdi. Musulmon olamida olti buyuk muhaddisdan biri sifatida mashhur bo‘lgan ulug‘ ajdodimizning bebaho merosi bugungi kunda ham keng o‘rganilayotgani ta'kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Sherobod tumanida yirik sement zavodi qurilishini borib ko‘rdi. Qiymati 212,8 million AQSh dollari bo‘lgan ushbu investitsiya loyihasining amalga oshirilishi natijasida bu yerda yiliga 1,5 million tonna sement ishlab chiqariladi. 

Shu yerning o‘zida viloyat markazida qurilishi rejalashtirilayotgan maishiy chiqindilarni qayta ishlash zavodi loyihasi muhokama qilindi. Bunday korxonalarni barcha shahar va tumanlarda barpo etish zarurligi ta'kidlandi.