13 oktabr, payshanba kuni Tailand qiroli Pxumipon Adulyadet hayotdan ko‘z yumdi, u 1946 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelgan. Uzoq 1972 yildayoq u o‘zidan keyin taxtga kim egalik qilishini tasdiqlovchi hujjatni imzolagan, unga ko‘ra taxtga shahzoda Maxa Vachiralongkorn o‘tirishi kerak edi, biroq hozircha bunday bo‘lmadi, shahzoda taxtga o‘tirishga shoshilmayapti. Mamlakatda bir yillik motam e'lon qilingan. Tailandda ikki yil yashab kelgan grafika dizayneri Anna Stavenskaya o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida qirollik oilasi haqida so‘z yuritdi, TJ nashri muallifning ruxsati bilan shu haqidagi maqolani chop etdi.
"Inson ba'zan Tailand - bu qirollikka xos bo‘lgan barcha elementlar mavjud mamlakat ekanini tushunib yetadi. Bu yerda qirol va qirolicha, shahzoda va malikalar, qirollik saroylari, "Qirolning umri uzoq bo‘lsin!" hayqiriqlari, sodiq mulozimlar va (konstitutsion) monarxiya dushmanlari - bularning barchasini ko‘rish mumkin.
Sayyohlik maskanlarida qirollik haqida eslatib turuvchi eng asosiy xotiralar har bir muassasa va deyarli har bir xonadonda qirol va qirolicha portretining mavjudligidir. Tailandning ba'zi hududlarida kunda ikki marta (ertalabki soat 8:00 hamda kechki soat 18:00da) hayot bir muddatga to‘xtab qolishini kuzatish mumkin. Shu payt hamma narsa, barcha insonlar to‘xtaydi, madhiya ovozi eshitilishi bilan o‘tirgan odamlar turishi shart. Televizor orqali esa qirollik oilasi ko‘rsatiladi.

Universitet va maktablardagi o‘qish ham madhiyadan boshlanadi, shu kuni darsi bo‘lmagan o‘qituvchilar ham birgina madhiya yangragan paytda tizilib turish uchun o‘quv dargohiga kelishlariga to‘g‘ri keladi. Tailanddagi eng asosiy bayramlar - Otalar va Onalar kunlari qirol hamda qirolichaning tavallud ayyomlarida nishonlanadi.
Bu yerda marhum qirolni juda yaxshi ko‘rishadi. U uzoq muddatli hukmronligi davomida (amaldagi davlat rahbarlari orasida eng uzoq vaqt hukmronlik qilgan inson) mamlakat iqtisodiyoti va umumiy hayot darajasini ko‘tardi, oddiy xalq uchun ko‘p yaxshiliklar qildi va boshqa mamlakatlarning aksariyat davlat rahbarlari bilan munosabatlarni yaxshiladi.
Qirol 88 yoshida olamdan o‘tdi. Umrining so‘nggi kunlarida uning salomatligi haddan ziyod yomonlashgandi, tayliklar uning sog‘lig‘i uchun ibodat qilishdi, ko‘pchilik Bangkokdagi shifoxona yonida to‘plandi. Ko‘chalarda sariq va pushti rang libos kiygan kishilarni ko‘plab uchratish mumkin edi, bu qirollik oilasining ramziy ranglari hamda qirolga uzoq umr tilashni anglatuvchi ranglar hisoblanadi. Shunday damlarda "Men qirollikdaman" qabilidagi hissiyot bir necha karra oshadi - atrofda hamma faqat shu haqda so‘zlaydi.











