19:14 / 14.10.2016
4532

Toshkentda joriy yil 9 oyda ajralishlar miqdori 2015 yilga nisbatan 144 taga kamaygani ma'lum bo‘ldi

“Turkiston” saroyida oila munosabatlarini mustahkamlash, erta nikoh va ajralishlarning oldini olish mavzuiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. 

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari, tuman hokimlari, shahar prokuraturasi, ichki ishlar, adliya, sog‘liqni saqlash bosh boshqarmalari vakillari, Fuqarolik sudi Toshkent shahar va tumanlararo sudlari raislari, sud ijro departamenti, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda oilaviy ajralishlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, mavjud dolzarb masalalarni bartaraf etish yo‘llari tahlil etildi. 

Tadbirda oilada er-xotinning huquq va majburiyatlari yuzasidan tug‘ilayotgan bahslar, ayrim xonadonlardagi notinch muhit oqibatidagi ajralishlar jiddiy e'tiborni talab qiluvchi holat ekanligi qayd etildi. 

Mazkur masalaning oldini olish maqsadida Toshkent shahar hokimligi va mutasaddi tashkilotlar tomonidan ishchi guruhlar yig‘ilishlari, ajralishlar ko‘paygan tumanlar tahlillari o‘tkazilmoqda. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida poytaxtimizda 9 oyda ajralishlar 2015 yilga nisbatan 144 taga kamaygan. 

Yig‘ilishda oilaviy ajralishlarning oldini olish bo‘yicha fikr-mulohazalar va takliflar inobatga olinib, Toshkent shahrida oila munosabatlari muammolarini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etildi.

 

Top