AQShning Los-Anjyeles shahridagi restoranlardan birida yuz bergan otishmada 3 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda Los Angeles Times nashri.

Ta'kidlanishicha, restoranda bu vaqtda 50 kishiga yaqin odam bo‘lgan. Otishmaga mijozlar o‘rtasida chiqqan nizo sabab bo‘lgan. Bahslashib qolganlardan 3 nafari restorandan chiqib ketib, birozdan keyin u yerga qurol bilan qaytib, restoranda o‘tirganlarga o‘q uza boshlagan. Ma'lum qilinishicha, otishma restoran hovlisida ham davom etgan.

Oqibatda 3 kishi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi yaralangan. Politsiya vakilining aytishicha, ko‘pchilik jarohatlanganlar o‘zlari shifoxonaga borganlar.

Politsiya ayni vaqtda jinoyatchilarni qidirmoqda.