10:38 / 17.10.2016
14670

Xitoyning O‘zbekistondan mag‘lubiyati Si Tszinpin orzusini chippakka chiqarishi mumkin

Foto: chinamorning

Futbol bo‘yicha Xitoy terma jamoasining urush girdobidagi Suriya termasi va so‘ngra Osiyoning unchalik ham kuchli bo‘lmagan O‘zbekiston termasiga mag‘lub bo‘lishi XXR rahbari Si Tszinpinning orzusini chippakka chiqarishi mumkin. U, mamlakatni futbol bo‘yicha superdavlatlardan biriga aylantirish hamda 2002 yildan beri ikkinchi bor JChda ishtirok etish rejasi amalga oshishini kutgan edi. 

Mamlakat termasining so‘nggi ikki turda mag‘lubiyatga uchrashi ortidan Xitoy mahalliy nashrlari terma jamoaga tanqid o‘qlarini ayovsiz yog‘dirmoqda, deb yozadi Financial Nimes-Week nashri. 

Xususan, Xitoyning Global Times nashri, mamlakat termasiga futbolni tark etib, ping-pong o‘ynashni maslahat bergan bo‘lsa, Jyeybo gazetasi “umidsiz xitoylik muxlislar qanday qilib hamon shunday arzimas jamoani qo‘llab-quvvatlashlari mumkin?”, deb yozadi. 

Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Gao Hangbo o‘tgan haftada O‘zbekiston milliy terma jamoasiga 0-2 hisobida mag‘lub bo‘lgach, iste'foga chiqishini bildirgan edi. Xitoy mamlakati esa, o‘zining gimnastikadagi yetakchiligiga qaramay, millionlar o‘yini bo‘lmish futbolda 2002 yil natijasini takrorlay olganicha yo‘q. 

Futbol muxlisi bo‘lgan mamlakat rahbari Si Tszinpinning 2011 yili so‘zlagan nutqi ham terma jamoaning chiroyli o‘yin ko‘rsatishiga yordam bermayapti. U futbol borasida uchta: XXR termasining jahon chempionatiga chiqishi, Xitoyning JChga mezbonlik qilishi va chempionat g‘olibligini qo‘lga kiritish orzusi borligini bildirgandi. 

Shundan so‘ng, davlat rahbari 2020 yilga qadar mamlakatda 20 mingta futbol mashg‘ulotlar markazi va 70 ming maydon faoliyat ko‘rsatishini bildirgandi. 

So‘nggi yillarda, Xitoy futbolini rivojlantirish hamda yanada ommalashtirish borasida tashlanayotgan qadamlar, xususan xorijiy futbolchilarni mamlakat milliy birinchiligiga taklif etilayotgani, jamoalarni obro‘li murabbiylar boshqarayotganiga qaramay, bular hozircha o‘z samarasini berayotgani yo‘q, deb xulosa qiladi Financial Nimes-Week nashri.

Top