«Inter»ning 40 nafar ashaddiy muxlisidan iborat guruh Italiya chempionatining 8-turi doirasida «Kalyari»ga qarshi kechgan va 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangan uchrashuvdan keyin jamoa hujumchisi Mauro Ikardini uyiga qaytayotganida ta'qib qilib, uning avtomobiliga tashlanishgan.
Football Italia nashri xabariga ko‘ra, bu muxlislar Ikardini uyi oldida avtomobilini poylab turishgan va «Biz shu yerdamiz. Argentinalik do‘stlaring kelganida bizni ogohlantirasanmi yoki qo‘rqoqmisan?» degan mazmundagi bannerni osib qo‘yishgan.

«Kalyari»ga qarshi o‘yinda Ikardi penaltidan gol ura olmadi va muxlislarning g‘azabini yanada qo‘zitdi.
Muxlislar va futbolchi o‘rtasida uning avtobiografik kitobi nashr qilinganidan keyin ziddiyat yuzaga kelib, tobora avj olmoqda. Muxlislarning fikricha, Ikardi 2015 yilning fevralida «Sassuolo»ga qarshi o‘yindagi vaziyatni eslab, jamoa muxlislarini qo‘pollikda ayblagan. Ultras a'zolarining hisoblashicha, Ikardining avtobiografiyasida futbolchi muxlislar bilan taqqoslanib, uning o‘zi yorqinlashtirib ko‘rsatilgan.
«Kalyari»ga qarshi o‘yin vaqtida tribunada futbolchini haqoratlovchi banner osildi. Unda shunday yozuvlar bitilgandi: «Sen erkak emassan... Sardor emassan... Bir uyum axlatsan».

Undan oldinroq muxlislar Ikardini sardorlik bog‘ichidan mahrum qilishni so‘ragandi.
Gap shundaki, Ikardi yaqinda savdoga chiqqan avtobiografik kitobida, bir voqeani bayon qilgan: «2015 yil fevral oyida «Inter» klubi «Sassuolo»ga (1:3) imkoniyatni boy berdi. O‘yindan so‘ng tribuna oldiga borib, meni futbolkamni so‘rab xat yozgan muxlis bolakayga uni yechib berdim. Biroq shu zahoti uni oldiga boshqa fanat kelib, futbolkani tortib oldi va qaytarib menga otdi. Men unga: «Iflos ekansan, bolani xafa qilib, menga o‘z munosabatingni bildirmoqchimisan?» dedim».

Bu voqea «Inter» fanatlarini g‘azabini qo‘zg‘adi. «Bu seni xayolingda yuz bergan voqea. Kitobing boshdan oxirigacha yolg‘ondan iborat. Sen barcha aybni muxlislarga to‘nkamoqchisan. Sardorlik bog‘ichiga loyiq emassan. Bundan buyon biz uchun mavjud emassan» - deb bayonot berdi Curva Nord fanatlar guruhi.









