O‘zbekiston | 14:46 / 17.10.2016
14008
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” chiptalarini onlayn xarid qilish mumkin

Foto: avialine.info

2016 yilning 18 oktabridan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi aviachiptalarni onlayn-bronlash va ular uchun UzCard bank kartochkalari vositasida haq to‘lash bo‘yicha xizmatlar turini kengaytiradi. Bu haqda MAK axborot xizmati xabar berdi.

Endi istalgan vaqtda uydan yoki ofisdan turib, siz respublika ichidagi, shuningdek, yaqin va uzoq sharq mamlakatlariga aviachiptalarni mustaqil ravishda rasmiylashtirishingiz mumkin.

Buyurtmani rasmiylashtirish tartibi oddiy va tushunarli. Buning uchun siz aviakompaniya saytiga kirishingiz kerak. Xizmatlar aviachiptalar sotishning amaldagi qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi va UzCard plastik kartalari vositasida aviachiptalar uchun haq to‘lanadi. Keyingi bosqichda VISA va Mastercard valyuta plastik kartalari yordamida haq to‘lash tizimini amalga tatbiq etish rejalashtirilgan.

Internet orqali bronlash va haq to‘lash muvaffaqiyatli amalga oshirilganda, bronlash paytida ko‘rsatilgan elektron manzilga va mobil telefonga elektron chiptaning yo‘nalish chop etilgan shaklini olasiz, unda Sizning safaringiz haqida batafsil ma'lumotlar aks etadi, shuningdek, xarid tasdiqlangani va UzCard plastik kartochkasidan mablag‘ yechib olingani to‘g‘risida SMS-xabar ham olasiz.

Uchib ketish aeroportida elektron aviachiptaning chop etilgan shaklini va yo‘lovchi shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (pasportni) ko‘rsatish kifoya.

Internet orqali bronlash va haq to‘lash qatnov uchib ketishidan kamida 3 soat oldin amalga oshirilishi mumkin.

Mavzuga oid