16:49 / 18.10.2016
5522

Qozog‘iston elchisi bilan uchrashuvda eksportni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik va hamkorlik tobora mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, tadbirkorlarga bozor talablarini o‘rganish asosida o‘z mahsulot va xizmatlarini eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirish, ishonchli hamkorlar topishga ko‘maklashish masalalari muhokama qilindi.  

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ijrochi direktori J.Mustafoyev raqobatbardosh mahsulotlarning hajmi va turi tobora ortayotgani, xususiy tadbirkorlik faoliyatini hamda xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar tufayli qulay ishbilarmonlik muhiti ta'minlanayotganini ta'kidladi.

Birinchi Prezidentimizning 2016 yil 16 martdagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori jamg‘arma faoliyatini yanada kengaytirdi. 

Joriy yilning to‘qqiz oyida mazkur jamg‘arma 2 ming 100 dan ortiq tadbirkorlik sub'yektiga tashqi bozorga tovar va xizmatlarni chiqarish bo‘yicha yuridik, moliyaviy va tashkiliy xizmatlar ko‘rsatdi. Shundan 286 tadbirkor Qozog‘istonga 126 million dollarlik eksportni amalga oshirdi.  Iyul  oyida  Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan «Mebel va inter'yer – 2016» xalqaro mebel ko‘rgazmasida O‘zbekiston vakillari tomonidan 2 million dollarlik  bitimlar imzolandi.  

Uchrashuvda jamg‘arma va uning Qozog‘istondagi hamkorlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

S.Shoyeva, O‘zA muxbiri

Top