21:09 / 20.10.2016
12450

2017 yilda 789,5 mingta ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha Bandlik dasturi loyihasi muhokama qilinmoqda

Foto: parliament.gov.uz

O‘zbekistonda fuqarolarning mehnat va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ish bilan ta'minlanish sohasida ijtimoiy kafolatlar berish va aholini ishsizlikdan himoya qilishni ta'minlash kabi aholini ish bilan ta'minlash borasida izchil davlat siyosati amalga oshirib kelinmoqda.

Yuqoridagi vazifalarni hayotga samarali joriy qilish maqsadida har yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Bandlik dasturi ishlab chiqiladi. Uning ro‘yobga chiqarilishi jamiyatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikning muhim omili bo‘lganligi sababli ushbu dastur oxirgi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari muhokamasidan o‘tib tasdiqlanmoqda.

An'anaga ko‘ra, hukumat tomonidan ishlab chiqilgan “2017 yilga aholi bandligi dasturi” loyihasi Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi. Ushbu dastur loyihasi Mehnat vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shaharlar) hokimliklari tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda hududlar kesimida, mehnat bozorining ehtiyojlari va prognozi hamda tarmoqlar va respublika hududlarini rivojlantirish dasturlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

"Dastur doirasida 2017 yilda 789,5 mingta ish o‘rinlari yaratish belgilangan. 2017 yilda O‘zbekiston bo‘yicha kollejlar va oliy ta'lim muassasalarida o‘qishni tamomlab, mehnat bozoriga birinchi marotaba 508,8 ming bitiruvchilar kirib keladi", – deydi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a'zosi Muharram Dadaxodjayeva. 

Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasining “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, Bandlik dasturi ijrosining borishini o‘z nazorati ostiga olib, alohida muhokamalar tashkil etmoqda va tavsiyalar berib bormoqda. Jumladan, joriy yil sentabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida Mehnat vazirining “2016 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi” parametrlarining bajarilishi to‘g‘risidagi axboroti eshitildi va kelgusi yillar uchun mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish mexanizmlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar berilgan. Natijada Dastur yildan-yilga takomillashib bormoqda.

Top