Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a'zosi, Britaniya imperiyasi ordeni faxriy sohibi, baronessa Viven Stern O‘zbekistonga o‘zining rasmiy tashrifini boshladi. 

Baronessa Toshkentga 19 oktabrda yetib kelgan. U uch kun davomida O‘zbekiston parlamenti va hukumati vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar olib boradi. 

Viven Stern xonim 1999 yildan Lordlar palatasining mustaqil a'zosi hisoblanadi. 2004-2008 yillarda inson huquqlari bo‘yicha parlament qo‘mitasining a'zosi bo‘lgan. Bugungi kunda, u o‘lim jazosini bekor qilish masalasi va Tojikiston bo‘yicha parlament guruhlariga rahbarlik qiladi. 

Baronessa Stern O‘zbekistonga safari chog‘ida O‘zbekiston inson huquqlari milliy institutlari tashkil etilganligining 20 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etadi. U, shuningdek, O‘zbekiston hukumati bilan jinoyatga jazo tayinlashni isloh qilish va zo‘ravonliklarga chek qo‘yish masalalari borasida hamkorlikni davom ettiradi.