14:49 / 21.10.2016
16004

Sobiq rafiqasiga 10 million so‘mdan ziyod aliment puli to‘lamagan er qonun oldida javob berdi

Qarshi shahar sudi tomonidan sobiq rafiqasiga 10 million so‘mga yaqin aliment puli to‘lamagan er ishi ko‘rib chiqildi

Oybek Gapparovning guldek ikki nafar farzandi bor. Uning burchi, vazifasi oila mustahkamligini saqlash, bolalarini o‘z bag‘rida voyaga yetkazish edi. Biroq Oybek bunday qilmadi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

U o‘zi to‘g‘ri deb hisoblagan yo‘ldan borib, turmush o‘rtog‘i Nasiba bilan ajrashdi. Ajrim 2010 yilning yanvar oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi tomonidan rasmiylashtirildi.

Oybek ajrimdan so‘ng xotiniga aliment to‘lamay qo‘ydi. Sud tomonidan aliment undirish to‘g‘risida chiqarilgan hal qiluv qaroriga bepisandlik bilan qaradi. 
Tergov harakatlarida Oybek 2012 yil 1 oktabridan 2016 yil 1 mart kuniga qadar jami 11 million 118 ming so‘m miqdoridagi aliment pulini qasddan to‘lamay kelayotgani ma'lum bo‘ldi. Oybekning paytavasiga qurt tushib, sud jarayoniga qadar Nasibaga mazkur qarzdorlik hisobidan 5 million so‘m to‘lashga majbur bo‘ldi. 
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi tomonidan Oybek Gapparovga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishi jazosi tayinlandi. Shu bilan birga, sud jabrlanuvchining foydasiga to‘lanmasdan qolgan 6 million 118 ming so‘m aliment pulini undirish to‘g‘risida ham hukm chiqardi.

Top