12:04 / 21.10.2016
10214

O‘zbekistonda 9 oyda 2,65 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi

Foto: Reuters

2016 yil boshidan buyon O‘zbekistonda Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3,7 milliard dollarlik 100ta yirik ishlab chiqarish obekti ishga tushirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qo‘mitasining mamlakatni joriy yil 9 oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari bo‘yicha hisobotida ma'lum qilingan.

Jizzax viloyatidagi sement zavodini kengaytirish, GM O‘zbekistan aksiyadorlik jamiyatida T-250 rusumidagi yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil qilish, Talimarjon IESda 450 MVt quvvatli ikkita bug‘-gaz turbinasi qurish, Angren IESda ko‘mir kukunidan foydalanishga mo‘ljallangan 150 MVt quvvatli energiya bloki qurish, «Indorama Qo‘qon tekstil» xorijiy korxonasida yigiruv korxonasi tashkil etish (IV-bosqich), Sirdaryo viloyatidagi «Guliston Med Texnika» qo‘shma korxonasida steril shpritslar ishlab chiqarish va boshqa loyihalar shular jumlasidandir.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturlari doirasida hisobot davrida qariyb 22 ming loyiha, jumladan, sanoat sohasida 3195 korxonada yangi quvvatlarni ishga tushirish, 162 korxonada yangi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yish, 264 korxonani modernizatsiya qilish va 653 korxonaning ishlab chiqarish quvvatini kengaytirishni o‘z ichiga olgan 4274ta loyiha amalga oshirildi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirishda joriy yil boshidan buyon 2,65 milliard dollarlik xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi, o‘sish sur'ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,2 foizni tashkil qildi. Bu mablag‘larning 1,8 milliard dollardan ortig‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. Natijada o‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmida xorijiy sarmoyalar ulushi 21,1 foizdan 22,3 foizga yetgan.

Top