O‘zbekiston | 09:57 / 22.10.2016
19282
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti Londonda muhokama etildi

Foto: © Fotolia

Mamlakatimizning Londondagi elchixonasida O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishi mavzusiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Buyuk Britaniyaning ijtimoiy-siyosiy va ekspert doiralari vakillari qatnashdilar.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Safoyev asosiy ma'ruza bilan ishtirok etdi.

Brifing chog‘ida uning ishtirokchilari mamlakatimizda bugungi kunda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar hamda respublikamiz xalqaro hamkorligidagi ustuvorliklarga doir batafsil ma'lumotlar bilan yaqindan tanishdilar. O‘zbekiston bozor iqtisodiyoti va kuchli fuqarolik jamiyati asosidagi dunyoviy demokratik davlat barpo etish tamoyillariga sodiq ekanligi ta'kidlandi. Shu bilan birga, tadbir chog‘ida mamlakatimiz hukumatining tadbirkorlikni, infratuzilmalar hamda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan so‘nggi qarorlarining ahamiyatiga alohida e'tibor qaratildi. 

Yuqoridagilardan tashqari, mamlakatimizda joriy yilning 4-dekabrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga tayyorgarlikning borishi hamda 18-19-oktabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi yakunlariga doir ma'lumotlar ham brifing qatnashchilarining e'tiboriga havola etildi.

“Pathfinder” kompaniyasi direktori Maykl Tomas o‘z chiqishida O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov ulug‘ yetakchilik fazilatlariga ega bo‘lgani tufayli 25 yil ichida gullab-yashnayotgan davlatni barpo etishga erishilganini qayd etdi. 

“Islom Karimov tomonidan taklif etilgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashiga O‘zbekiston Respublikasi raisligi mavzusi va ustuvorliklari mustaqil davlatni barpo etishga bo‘lgan yondoshuvlarning tamoyillari bilan uyg‘undir. “Bu ma'naviy merosga hurmat bilan munosabatda bo‘lish va barqarorlik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosiy sharti ekanligini anglatadi”, dedi M.Tomas.

Uning ta'kidlashicha, Markaziy Osiyoning buyuk allomalari va mutafakkirlari bilimlarini hamda ularning zamonaviy ilm-fan rivojiga qo‘shgan bebaho hissalarini targ‘ib qilish yuzasidan boshlangan ishlarni davom ettirish favqulodda muhim hisoblanadiki, bu O‘zbekistonni va butun islom dunyosini yaxshi tushunishga xizmat qilmog‘i lozim.

Britaniya kompaniyasi rahbari O‘zbekiston Respublikasi hukumatining kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qaroriga hamda iqtisodiy hamkorlik masalalari mamlakatimizning IHT raisligidagi ustuvorliklari ro‘yxatiga kiritilganini yuqori baholadi.

“Nafaqat korporativ va davlatlararo darajalarda, balki kichik va o‘rta biznes vakillari o‘rtasida ham savdo aloqalarini rivojlantirish islom dunyosidagi iqtisodiy o‘sishga xizmat qilishi mumkin, deb hisoblayman”, dedi “Pathfinder” kompaniyasi rahbari. 

Xalqaro ta'lim bo‘yicha ekspert Devid Xardi O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligining “Ta'lim va ma'rifat - tinchlik va bunyodkorlik yo‘li” shiorini qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qilar ekan, respublikamiz ta'lim, madaniyat va yoshlar siyosati sohalarida erishgan muvaffaqiyatlar juda katta e'tiborga sazovorligini ta'kidladi.

“Ular O‘zbekistonga o‘xshash demografik va iqtisodiy sharoitlarga ega bo‘lgan ko‘pgina rivojlanayotgan davlatlar uchun namuna sifatida xizmat qiladi. Bag‘rikenglik va uyg‘unlikka erishishning vositasi sifatida O‘zbekiston ta'lim siyosatidagi o‘z qarashlarini xalqaro darajada ilgari surishga haqlidir.

Ma'naviy merosni targ‘ib etish bilan birga iqtisodiyotda talab katta bo‘lgan maxsus malaka ko‘nikmalarini olish uchun sharoitlarni kengaytirish alohida ahamiyat kasb etadi. Ilmiy-texnikaviy almashuvlarni faollashtirish masalasi mamlakatning IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashida raisligidagi ustuvorliklardan biri sifatida qo‘yilgani musulmon dunyosi davlatlarining yanada modernizatsiyalashuviga ko‘maklashadi”, dedi u. 

Birlashgan kuchlar Qirollik institutining (RUSI) xavfsizlik tadqiqotlari masalalari bo‘yicha direktori Rafaello Pantuchchining aytishicha, mintaqaviy va xalqaro darajadagi turli masalalar yuzasidan IHTga a'zo davlatlarning nuqtai nazarlari bir xil bo‘lmasa-da, umumiy xavf-xatarning mavjudligi ayondir.

“O‘zbekiston tomoni IHTga a'zo davlatlarni astoydil birdamlikka hamda zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga birgalikda qarshi turish uchun ular o‘rtasida mavjud bo‘lgan ziddiyatlarni bartaraf etishga chaqirayotgani tasodifiy hol emas”, dedi u.

Britaniyalik ekspertning fikr bildirishicha, IHT mamlakatlar o‘rtasida amaliy jihatdan o‘zaro tajriba almashish hamda islom qoidalarining to‘g‘ri talqin etilishi va O‘rta asr Sharqining buyuk mutafakkirlari qoldirgan madaniy va ilmiy merosni targ‘ib etish orqali bag‘rikenglik g‘oyalarini tarqatishga yo‘naltirilgan qo‘shma dasturlarni hayotga tadbiq etish uchun juda yaxshi minbar bo‘lishga qodir.

Rafaello Pantuchchi bunday ishlar nafaqat musulmon mamlakatlari, balki G‘arb dunyosi uchun ham amaliy qadr-qimmatga ega ekanligini qayd etdi. “Shu bois tadqiqot markazlari, shu jumladan, Birlashgan kuchlar Qirollik instituti ham O‘zbekistonning IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashida raisligi davomidagi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyordir”, dedi u.

Markaziy Osiyo bo‘yicha Kembrij forumi raisi, professor Sidxart Saksena qayd etganidek, O‘zbekiston tomonidan taklif etilgan “Ta'lim va ma'rifat - tinchlik va bunyodkorlik yo‘li” shiori Islom hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlarni ezgu g‘oya atrofida birlashtirish va alal oqibatda amaliy natijalarga erishish uchun ishonarli shart-sharoitlarni yaratadi.

Shuningdek, britaniyalik olim islomning taraqqiyparvar mohiyatini ilgari surish muhimligiga alohida e'tibor qaratar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.M.Mirziyoyevning Islom hamkorlik tashkiloti homiyligida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazini, Toshkent islom universiteti tarkibida Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkilotining (ISESCO) maxsus kafedrasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga yuqori baho berdi.

«Bu buyuk ajdodlarning boy ma'naviy merosini o‘rganish bo‘yicha ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish imkonini beribgina qolmasdan, xalqaro miqyosdagi yanada kengroq intellektual almashuvlar uchun yangi istiqbollarning eshigini ochadi”, deya ta'kidladi britaniyalik professor.

«Jahon» AA

Mavzuga oid