18:24 / 25.10.2016
8435

Turkiya TIV Iroqda quruqlikdagi harbiy harakatlarni boshlashi ehtimolidan ogohlantirdi

Foto: Reuters

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li ma'lum qildiki, Anqara Iroq hududidan mamlakat xavfsizligiga tahdid tug‘ilgudek bo‘lsa, Turkiya harbiylari Iroqda quruqlikdagi harbiy harakatlarga kirishadi.

«Agar Iroqdagi voqealar, xususan Sinjar va boshqa tumanlardagi harakatlar Turkiya xavfsizligiga tahdid sola boshlasa, biz bu xavfni yo‘q qilish uchun bor choralarni ko‘ramiz. Xuddi shu gapni Suriya bo‘yicha ham aytishimiz mumkin. Suriyada IShID va boshqa jangarilar tomonidan tahdid saqlanib turishiga Turkiya toqat qilishda davom etmaydi», — deya Chovusho‘g‘lining so‘zlarini keltirgan Anadolu agentligi.

U Kurdiston ishchilar partiyasi Manbijni tark etmaydigan bo‘lsa, Turkiya bu tashkilotni bu hududdan haydab chiqarishini qo‘shimcha qilgan.

Vazir Turkiya tomoni bu rejalar haqida AQShni ogohlantirishini aytib o‘tgan.

Suriya shimolidagi Manbij shahri yozda AQSh boshchiligidagi koalitsiya yordamida IShIDdan ozod qilingan va Suriya kurdlarining Demokratik ittifoq partiyasi nazoratiga o‘tgandi. Anqara bu tashkilotni Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi bilan aloqador hisoblaydi.

Turkiya armiyasi 24 avgust kuni "Frot qalqoni" nomi ostidagi IShIDga qarshi amaliyot boshladi. Bu amaliyotdan maqsad Suriya va Turkiya chegarasida qochqinlar uchun 5 ming kv km maydonda xavfsiz hudud yaratish hisoblanadi.

21 oktabr kuni Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim ma'lum qilgandiki, Iroq hukumati Turkiyaga tahdid solib turgan tashkilotlarni bartaraf etmog‘i lozim.

Mavzuga oid
Top