Jahon | 16:34 / 27.10.2016
8996
3 daqiqa o‘qiladi

Matematik model AQSh prezidentlik saylovlarida Trampning g‘alabasiga ishora qilmoqda

Foto: AFP

Nyu-York shtatining Stouni-Brukdagi Universitet professori Helmat Norpos AQShning yangi prezidenti respublikachi Donald Tramp bo‘lishini ma'lum qildi, u mamlakat prezidentlik saylovlaridagi barcha natijalarni muvaffaqiyatli bashorat qilib keladi. Britaniyaning The Independent nashri shu haqida xabar berdi.  

Norpos so‘nggi 100 yil davomida AQSh prezidentlik saylovlaridagi natijalarni deyarli xatosiz aniqlab bergan mexanik modelni ishlab chiqqan: model “real vaqt” rejimi bilan birga ko‘p yillar ilgari bo‘lib o‘tgan saylovlarda ham sinalgan. Uning bashorat qilishdagi yagona xatosi 2000 yilda, ya'ni Jorj Bush prezident bo‘lganda qayd etilgan, o‘shanda model saylovlarda Albert Gorning g‘olib bo‘lishini taxmin qilgandi. Shuni e'tiborga olish kerakki, 2000 yilda saylov g‘olibi ovozlarning uzoq davom etgan qayta hisob-kitoblardan keyin e'lon qilingan edi. 

“Model joriy yilning fevral oyidayoq Trampning g‘alabasini bashorat qilgandi, o‘shandan buyon hech narsa o‘zgargani yo‘q. Real dunyoda nimalar ro‘y berishidan qat'i nazar, bu modelga ta'sir o‘tkazmaydi”, - deyiladi manbada. 

O‘z vaqtida professor ishlab chiqilgan modelning samaradorligini isbotlash uchun uni ko‘p yillar avval bo‘lib o‘tgan saylovlarda sinovdan o‘tkazgan. Mexanik model praymeriz natijalarini o‘rganib chiqib, AQSh prezidentlik poygalari g‘olibini to‘g‘ri aniqlab bergan. 

Biroq The Independent’da ta'kidlanishicha, mazkur tizim siyosiy kuchlar hamjihatligidagi o‘zgarishlarni inobatga olmaydi. 

Olimning so‘zlariga ko‘ra, model praymeriz natijalariga asoslanadi: dastlabki partiyaviy saylovlarda eng yaxshi natija ko‘rsatgan nomzod prezident bo‘ladi. 

“Mening fikrimcha, Tramp praymerizdagi eng kuchli nomzod va u g‘alaba qozonadi”, - dedi Norpos. 

Mavzuga oid