Shunday kompaniyalar borki, ularning faoliyati haqida ko‘pchilik eshitmagan, ular diqqat markazidan tashqarida. vc.ru kamdan-kam keng muhokama qilinadigan yirik kompaniyalar faoliyatini o‘rganib, ular haqida ma'lumot taqdim qildi. 

McKesson

McKesson — Amerikaning farmatsevtika kompaniyasi, AQSh va Kanadaning eng yirik dori-darmon distribyutori. Kompaniya barcha dori preparatlarining uchdan birini Shimoliy Amerikaga yetkazib beradi. McKesson'ga 3000dan ortiq dorixonadan iborat Health Mart franchayzing tarmog‘i tegishlidir. 

Glencore

Glencore plc — Shveytsariyaning Baar shahrida joylashgan transmilliy xom ashyo treyderi. Hozirgi kompaniya 2013 yilda Glencore'ning Xstrata tog‘-kon korxonasi bilan qo‘shilishi natijasida hosil bo‘lgan. Bugungi kunda Glencore plc butun dunyo bo‘ylab 150dan ortiq aktivlarga egalik qiladi. 

Kompaniya uch yo‘nalishga ixtisoslashgan: metallurgiya, energetika va qishloq xo‘jaligi. Glencore — mis, nikel, alyuminiy yetkazib beruvchi eng yirik kompaniya, bundan tashqari u yana rux va ferroxrom yetkazib berish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda. Argentina, Chili, Peru va Qozog‘istondagi tog‘-kon aktivlari mazkur kompaniyaga tegishli. 

Shuningdek kompaniya don mahsulotlari, yog‘li urug‘lar va shakar yetkazib berish bilan ham shug‘ullanadi. Glencore'ning asosiy agrosanoat aktivlari MDH davlatlari, Avstraliya va Janubiy Amerikada to‘plangan. 

Kompaniya butun dunyo bo‘ylab 90dan ortiq idoralarini ochgan, ularda 160 mingcha kishi faoliyat yuritadi. 2015 yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya daromadi 172,7 milliard dollarni tashkil qilgan. 

Vitol

Vitol — Jyenevada joylashgan xalqaro kompaniya. Vitol'ning asosiy faoliyat sohasi — neft va neft mahsulotlari bilan savdo qilish. Har kuni kompaniyada taxminan 5 million neft barreli aylanadi, Yaponiya har kuni taxminan shuncha miqdordagi neftni iste'mol qiladi. Kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab 40dan ortiq vakolatxonalari mavjud. 

Vitol'ga qarashli VTTI kompaniyasi 11 mamlakatda neft terminaliga ega - Niderlandiya, Latviya, AQSh va Rossiya shular jumlasidandir. Vitol neftni rafinadlash bilan shug‘ullanuvchi Fujairah Refinery Company Limited komppaniyasiga egalik qiladi. Shuningdek Germaniya, Shveytsariya, Belgiya va Avstarliyadagi korxonalarga investitsiya kiritgan.