21:48 / 31.10.2016
8391

Amerikalik o‘zi bog‘lanuvchi krossovkalarni yutib oldi, biroq ularni kiyib yurishga qo‘rqmoqda

Foto: Youtube/Super Deluxe

Amerikalik erkak Nike kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan xayriya lotereyasida kompaniya tomonidan 89 dona ishlab chiqarilgan, o‘zi bog‘lanuvchi Nike MAG krossovkasini yutib oldi. U 10 minglab dollarga sotish mumkin bo‘lgan noyob poyabzalni bor-yo‘g‘i 50 dollar sarflab qo‘lga kiritdi.  

Oktyabr boshida Nike kompaniyasi bu krossovkalarni tarqatishni katta ko‘lamli lotereyaga aylantirdi. Lotereyadan tushgan barcha mablag‘ aktyor Maykl Jyey Foks tomonidan asos solingan Parkinson kasaliga qarshi kurashuvchi jamg‘armaga yo‘naltiriladi.

Krossovkalardan bir qismi auksionlarda sotilgan, bir qismi esa xayriya badalini kiritganlar orasida o‘ynalgan. Krossovkaga ega bo‘lish imkoniyatini beruvchi bir chipta narxi 10 dollar turgan.

Kris ismli bu erkakning aytishicha (u o‘z familiyasi va turar manzilini aytishdan qo‘rqqan), u aksiyada deyarli tasodifan ishtirok etgan va Jyey Foks jamg‘armasiga 50 dollar jo‘natgan. Oktyabr oxirida unga g‘olib bo‘lgani haqida maktub kelgan. 27 oktabrda krossovkalar g‘olibga yetkazib berilgan.  

Endi Kris krossovkani nafaqat kiymayapti, balki ularni avvaldan polga oq latta to‘shab, bir poylab kiyib ko‘rmoqda. Uning aytishicha, krossovka go‘yoki chang‘i botinkalariga o‘xshab ketadi.

Kris xushxabar bilan tvitterda bo‘lishganda, unga krossovkani sotib olish haqida takliflar kela boshlagan. Biroq Kris hozircha yutug‘ini sotish-sotmaslik haqida bir qarorga kelmagan. U krossovkaga xaridor topilguncha, uni saqlash kamerasiga joylashtirib qo‘yishni o‘ylamoqda.

20 oktabrga kelib antiqa krossovkalarni sotishdan tushgan mablag‘ 6,75 mln dollarni tashkil qildi. Krossovkalar "Kelajakka qaytish 2" filmining bosh qahramoni poyabzalining nusxasi hisoblanadi. Shu bosh qahramon rolini aynan Maykl Jyey Foks ijro etgan. 

Top