20:32 / 31.10.2016
23828

Hindiston Respublikasi tashqi ishlar davlat vaziri Islom Karimov qabrini ziyorat qildi

Foto: Twitter/mjakbar

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Hindiston Respublikasi tashqi ishlar davlat vaziri Mobashar Javad Akbar joriy yil 31 oktabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi

Mehmon dastlab Hazrati Xizr majmuasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Buyuk Yo‘lboshchimiz qabriga gul qo‘yilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Islom Karimov ruhi poklariga Qur'on tilovat qilindi. 

Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi va uning taraqqiyoti yo‘lida misli ko‘rilmagan ishlarni amalga oshirgan buyuk davlat arbobi, xalqaro maydonda mamlakatimiz va Markaziy Osiyo mintaqasi manfaatlarini munosib himoya qilgan ulug‘ siyosatchi bo‘lgani ta'kidlandi. 

– O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti Hindiston hukumati va xalqini ham chuqur qayg‘uga soldi, – deydi Mobashar Javad Akbar. – Chunki Islom Karimov nafaqat O‘zbekiston rahbari, balki xalqaro maydonda yuksak nufuzga ega, tinchlikparvar, dono siyosatchi edi. Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishida Islom Karimovning xizmatlari juda katta bo‘ldi. Biz bu aloqalarni izchil davom ettirishga tayyormiz. 

Hindistonlik mehmonlar Samarqand shahrining qariyb uch ming yillik tarixidan so‘zlovchi “Afrosiyob” muzeyidagi noyob eksponat va ashyolar, dunyoga mashhur devoriy suratlarni qiziqish bilan tomosha qildi. Shahar o‘tmishi aks ettirilgan hujjatli film ularda katta taassurot qoldirdi. 

Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish chog‘ida mazkur yodgorlikning yaratilish tarixi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari haqida ma'lumot berildi. 

Mirzo Ulug‘bek yodgorlik majmui va shahardagi boshqa tarixiy obidalar, milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham hindistonlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mehmonlar bunday noyob me'moriy obidalarni bunyod etgan buyuk ajdodlarimiz aqlu zakovatiga, ularni bezavol asrab kelayotgan bugungi avlodning tariximizga munosabatiga yuksak baho berdi. 

Mavzuga oid
Top