20:42 / 01.11.2016
7376

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Narimon Umarov Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

Foto: adolat.uz

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov saylovoldi tashviqoti doirasida 1 noyabr kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Tadbirda viloyat faollari, korxona va tashkilotlar, ishchi va xodimlari, tadbirkorlar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Uchrashuvda Narimon Umarovning ishonchli vakili, Surxondaryo viloyati partiya Kengashi raisi R.Hamroyev yig‘ilganlarni Prezidentlikka nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.

Narimon Umarov o‘z ma'ruzasida dastlab istiqlol yillarida surxon vohasining boy o‘tmishi qayta tiklanib, shahar va qishloqlar infratuzilmasi mutlaqo o‘zgarganligini e'tirof etdi. So‘ngi besh yil davomida birgina Termiz shahrida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, bir-biridan muhtasham binolarning qad rostlagani, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish yo‘lida bunyod etilgan savdo va maishiy inshootlar voha taraqqiyotini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqanligini ta'kidladi.

Shu bilan birga nomzod Toshg‘uzor-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘lining ishga tushishi bilan viloyatni mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahri va boshqa viloyatlar bilan bog‘lash masofasi qisqarganligi barobarida tabiiy boyliklarni o‘zlashtirish imkoniyati ham kengaygani hamda temir yo‘l bo‘ylab ishga tushirilgan obektlar, aholi turar joylari, hududda obod maskanlar sonining ortishiga xizmat qilayotganiga saylovchilar e'tiborini qaratdi.

N.Umarov Surxondaryo viloyati saylovchilariga o‘z Saylovoldi dasturining ustuvor yo‘nalishlari xususida so‘zlab berdi. Dasturda ayniqsa, ijtimoiy sohada belgilangan vazifalar, xususan, ta'lim sohasini isloh etish borasida ilgari surilayotgan maqsad, vazifalar respublikamiz hududlaridagi mavjud ehtiyojlaridan kelib chiqqanligi ta'kidlab o‘tdi.

Jumladan, nomzod so‘nggi yillarda yoshlarimiz o‘rtasida oliy ta'lim olishga bo‘lgan intilish kuchayib borayotganligi xususida to‘xtalar ekan, birgina Termiz davlat universitetiga abituriyentlar soni tobora ko‘payib, belgilangan qabul kvotalariga nisbatan 18-20 barobar ortiqni tashkil etayotganligiga saylovchilar e'tiborini qaratdi.

Shundan kelib chiqib, nomzod o‘z dasturida oliy ta'lim muassasalariga qabul qilishdagi kvotalar tizimini qayta ko‘rish, barcha talabgorlarga oliy ta'lim olish huquqini berish orqali iqtidorli yoshlarni tanlab olish sifatini oshirish hamda ta'lim va tarbiya sohasida uzviylikni ta'minlashga qaratilgan qator g‘oyalarni ilgari surayotganini bildirdi. Nomzodning bu boradagi takliflari uchrashuv ishtirokchilari tomonidan katta ishtiyoq va qiziqish bilan qabul qilinib, ushbu maqsadli rejalar o‘z vaqtida ko‘tarilgan va haqiqatda yechimini kutayotgan amaliy masala ekanligi e'tirof etildi.

Prezidentlikka nomzod uchrashuv ishtirokchilarining o‘z Saylovoldi dasturi, tarjimai holi, hududni va umuman, respublikani rivojlantirishga doir ko‘plab savollariga javob qaytardi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati D.Tangirov, viloyat mahalla xayriya jamg‘armasi raisi O‘.Toshboyev, viloyat pedagog kadrlarni kayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rektori U.Qodirov, Termiz-Baqtriya savdo kompleksi bosh hisobchisi B.Bobomurodova boshqalar Narimon Umarov nomzodi bo‘yicha so‘zga chiqdilar va bo‘lajak saylovda uni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdilar.

 

Top