O‘zbekiston siyosiy partiyalari seshanba kuni o‘z saytlarida nomzodlarining saylovoldi dasturlarini e'lon qildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan (O‘zLiDeP) nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning saylovoldi dasturi «Bizning maqsad — tinchlikni ta'minlash, taraqqiyot va qonun ustuvorligi!» deya nomlangan.

Bizning bosh maqsadimiz – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan boshlab berilgan demokratik islohotlarni izchil davom ettirish va chuqurlashtirish, tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikni ta'minlash, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratishdan iborat.

Bizning saylovoldi dasturimizda davlatimizning jadal rivojlanishi yo‘lida xalaqit berishi mumkin bo‘lgan to‘siqlar har tomonlama tahlil etilgan holda, yurtimiz hayotining barcha sohalarini qamrab oladigan va ehtimol tutilgan xavf-xatarlarning oldini olish, yaqin va olis istiqbolga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan va shuningdek, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishni ta'minlaydigan beshta ustuvor yo‘nalish belgilab olindi.

I. Davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish. «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» konsepsiyasini amalga oshirish

Siyosiy tizimni rivojlantirish sohasidagi ustuvor vazifalarimiz rivojlangan huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, fuqarolarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, tashabbuslarini amalga oshirish, ularning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini kengaytirishdan iborat.

Biz davlat hokimiyati tizimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining rolini kuchaytirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid eng muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirishni zarur deb hisoblaymiz.

Ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlash, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning ta'sirini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hokimiyatning vakillik organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini nazarda tutib, xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatida siyosiy partiyalar guruhlarining rolini kuchaytirish, ayniqsa, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini nazorat qilish borasidagi vakolatlarini kengaytirish tarafdorimiz.