O‘zbekiston | 16:49 / 04.11.2016
17003
2 daqiqa o‘qiladi

5 noyabr kuni O‘zbekistonga ikkinchi Dreamliner olib kelinadi

Foto: UZ24

«O‘zbekiston havo yo‘llari» sotib olgan Boeing-787 Dreamliner avialaynerlarining ikkinchisi 5 noyabr kuni Toshkentga keltiriladi. Bu haqda UZ24 milliy aviakompaniyadagi manbasiga asoslanib xabar bergan.

AQShning Siyetl shahridan parvoz qilgan samolyot shanba kuni tongida, 12  soatlik to‘xtovsiz uchishdan so‘ng «Toshkent» aeroportiga qo‘nadi. Samolyotni kutib olish marosimiga mahalliy nashrlar vakillari, aeroport ishchilari va boshqalar taklif etilgan.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi 2016 yil 31 avgust kuni ikkita Boeing-787 Dreamliner samolyotining birinchisini qabul qilgandi. O‘tgan vaqt ichida samolyot O‘zbekistonning turli shaharlariga ichki parvozlarni, shuningdek, Olmaota va Dubay shaharlariga xalqaro parvozlarni amalga oshirdi.

Yangi samolyot uzoq va o‘ta uzoq xalqaro yo‘nalishlarda foydalaniladi hamda Toshkent—Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha qo‘nilmaydigan parvozlarni amalga oshirish imkonini beradi.

«Orzu layneri» 350 yo‘lovchi sig‘imiga ega.

2017 yilning yanvarida O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan samolyot konstruksiyasining tarkibiy qismlarini ta'mirlash bo‘yicha markaz yaratiladi. Ushbu markaz Boeing-787 Dreamliner yangi avlod aviatsiya texnikasiga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan.

Bu Amerikaning Boeing Co kompaniyasi va O‘zbekistonning «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi qo‘shma loyihasidir.

2007—2008 yillarda «O‘zbekiston havo yo‘llari» Boeing bilan jami 645 million dollarlik to‘rtta Boeing-767-300ER va ikkita Boeing 787-8 Dreamliner samolyotlarini sotib olish haqida shartnoma imzolagan. 2014 yilning iyulida Boeing-767-300ER’ni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma amalga oshirilgan. Ikkita 787-800 Dreamliner esa 2016 yil uchinchi choragida yetkazib berilishiga kelishilgandi.

Mavzuga oid