00:26 / 04.11.2016
7509

YUNISEF: Mo‘suldagi operatsiya oqibatida 10 ming bola qochqinga aylandi

Foto: Getty Images

Iroqning Mo‘sul shahrini IShID jangarilaridan ozod qilish harbiy operatsiyasi boshlangandan keyin 10 mingga yaqin bola o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi, deb xabar bermoqda YUNISEF.

"20 700 ga yaqin odam 17 oktabrda Mo‘sulni ozod qilish operatsiyasi boshlangandan beri o‘z uyini majburiy tark etganlarga aylandilar. YUNISEF taxminicha, ulardan 9700 nafari shoshilinch yordamga muhtoj bolalardir", deyildi tashkilot xabarida.

YUNISEF Iroq hukumatiga Mo‘sul va uning atrofidagi hududlardan bo‘lgan qochqinlar oilalarini qabul qilishda ularga ichimlik suvi va yegulik, shu jumladan bolalar oziqasi taqdim qilish bilan yordam bermoqda. "6 oylikdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga zudlik bilan poliomiyelit va qizamiqdan emlash qilinadi. Qochqinlar oilalari yarim kun dispanserizatsiyadan o‘tib, keyin ularga vaqtinchalik boshpana beriladigan lagerga o‘tkaziladilar", deb ma'lum qilindi BMT bolalar jamg‘armasida.

Ba'zi iroqlik oilalar qochqinlar lagerida joylashishni istamay, terrorchilardan ozod qilingan qishloqlariga qaytishni afzal ko‘radilar. Oktyabrda YUNISEF bunday aholi punktlariga 1500 dan ko‘proq oilaga ichimlik suvi va gigiyena buyumlari yetkazib berdi va emlash bo‘yicha kampaniya o‘tkazdi. "Bu hududlarda bolalar va oilalar uchun sharoit juda yomon. Odamlar toza suv va hayot uchun zarur boshqa narsalarga qattiq ehtiyoj sezadilar", deb aytildi YUNISEFda.

 

Top