17:16 / 05.11.2016
9864

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov Namangan viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashdi

2016 yil 5 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Sarvar Otamuratovning Namangan viloyatidagi saylovchilar va keng jamoatchik bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a'zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar. Uchrashuv viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi saylovchilar bilan onlayn videokonferensiya orqali muloqot tarzida tashkil etildi. 

Uchrashuvni Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi guruhi rahbari Odiljon Mamatkarimov ochib berdi va ayni kunlarda saylovoldi tashviqoti jarayoni qizg‘in davom etayotganini ta'kidladi. Nomzod va uning ishonchli vakillari joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar orqali, partiya tashviqot guruhlari ommaviy axborot vositalarida Sarvar Otamuratovning saylovoldi Dasturini tashviqot qilayotganligini aytib o‘tdi.

Nomzodning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili Odiljon Mamadaliyev ishtirokchilarga Sarvar Otamuratovni tanishtirar ekan, uning tarjimai holiga batafsil to‘xtalib o‘tdi.  

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov saylovoldi Dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.

Nomzod o‘z so‘zida dastavval, mehmondo‘st va tanti Namangan ahli o‘zining betakror an'ana va qadriyatlari bilan azaldan shuhrat qozonib kelgani, viloyat mehnatkashlari o‘z fidoiyligi va bunyodkorlik salohiyati bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga munosib hissa qo‘shib kelishayotganini e'tirof etib o‘tdi.

Nomzod ta'kidlaganidek, saylovoldi Dasturda xalqaro miqyosda e'tirof etilgan va bugungi taraqqiyotimizning hayotiy dasturiga aylangan besh tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlar bardavomligini ta'minlash, tarixiy, madaniy, boy ma'naviy-axloqiy qadriyatlar va an'analar asosida jamiyatda yuksak huquqiy va siyosiy madaniyatni mustahkamlash hamda ma'naviy yuksalishga erishish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Namangan viloyatidagi Mug‘qal'a va Axsikent kabi tarixiy yodkgorliklar, bundan ikki ming yillar avval pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan Koson-Axsikent yer osti suv tarmog‘i ajdodlarimizning ulkan aql-zakovati, yuksak madaniyatidan, viloyatning uzoq yillik tarixidan darak beradi.

Shundan kelib chiqqan holda nomzod o‘z Dasturida xalqimizning tarixiy-madaniy merosi va madaniy yodgorliklari umumjahon ahamiyatiga molik ekanligini e'tirof etib, shaharlarimizning milliy qiyofasini saqlab qolishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish, arxitektura yodgorliklarini asrab-avaylash, qayta ta'mirlashga ko‘maklashish asosiy vazifa ekanligini qayd etdi.

Saylovoldi Dasturda aholi turmush sifati, darajasi va farovonligini oshirish – ijtimoiy sohadagi ustuvor strategik maqsad sifatida belgilanganligini ta'kidladi.

Ma'lumki, bugungi kunda Namangan viloyatida 118 ta kasb-hunar kolleji va akademik litsey mavjud bo‘lib, ularning qariyb 70 foizi qishloq joylarida joylashgan. Boshqacha aytganda, bugungi kunda o‘rta-maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning 70 ming nafarga yaqini chekka qishloqlarda yashovchi o‘g‘il-qizlar tashkil etadi.

Shu nuqtai nazardan, ertamiz egalarining barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida Dasturda olis va yetib borish qiyin bo‘lgan joylardagi kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘quvchilari uchun imtiyozli transport qatnovini ta'minlash vazifasi ilgari surilgani ahamiyatga molik.

Namangan viloyati azal-azaldan o‘zining qo‘li gul hunarmandlari bilan dovrug‘ qozongan. Bugungi kunda ayniqsa, Chust tumanida ming yillik tarixga ega bo‘lgan pichoqdo‘zlik va do‘ppido‘zlik kabi milliy hunarmandchilik ustoz-shogird an'analari asosida shakllanib, avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Milliy qadriyatlarimiz davomchilari bo‘lgan hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.

Shundan kelib chiqqan holda Sarvar Otamuratov o‘z Dasturida o‘zbek xalqining yuksak madaniyati va iste'dodini namoyish etadigan va estetik qimmatga ega bo‘lgan milliy hunarmandchilik turlarini qayta tiklash va rivojlantirish, milliy badiiy maktablarning an'analarini saqlab qolishga alohida e'tibor qaratmoqda.

Shuningdek, Dasturda xorijiy mamlakatlar kutubxona, arxiv va muzeylarida saqlanayotgan moddiy boyliklarni O‘zbekistonga qaytarish, oila, meros, uy-joy da'vosi va maishiy turmush manbaida tug‘iladigan nizolarni sudgacha hal etish tizimini rivojlantirish, turistik faoliyat manzillarida, xalqaro aeroportlarda, vokzallarda ko‘rsatilayotgan servis va xizmatlar sifatini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan Davlat dasturini qabul qilish, milliy axborot xavfsizligini ta'minlash kabi bir qator ustuvor vazifalar belgilangan.

Nomzodning saylovoldi Dasturi uchrashuv ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Saylovchilar so‘zga chiqib, Dasturda ilgari surilgan vazifalar yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirdilar. Saylovchilar aytib o‘tganidek, xalqimizning bebaho ma'naviy boyligini, milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an'analarimizni asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishda nomzod tomonidan ilgari surilayotgan tashabbus va g‘oyalar e'tirofga loyiqdir.

Uchrashuvda nomzodning saylovoldi Dasturini qo‘llab-quvvatlab Namangan tumani Salomatlik markazi direktori Salomatxon Arzimatova, viloyat raqobat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, Abdusamad Tojiboyev, Namangan shahar transport va axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi Yulduz Rahimova va boshqalar so‘zga chiqdi.

Uchrashuv so‘ngida S.Otamuratov ishtirokchilar tomonidan saylovoldi Dasturi yuzasidan berilgan bir qator savollarga javob berdi.

O‘zMTDP Namangan viloyati Kengashi

Axborot xizmati

Top