Yakshanba kungi o‘yinlarda Angliya chempionatida yana peshqadam o‘zgardi. «Arsenal» va «Tottenhem» o‘zaro durang o‘ynab, «Liverpul» birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ispaniyada «Real» o‘z uchrashuvida g‘alaba qilib, peshqadamlikni davom ettirdi, «Barselona» «Sevilya» bilan o‘yinda Messining goli va golli uzatmasi tufayli ikkinchi o‘rinda qolib, bu jamoani ta'qib qilmoqda. Italiyada «Milan» kuchli uchlikka kirdi.
Shimoliy London derbisidagi to‘qnashuv
Uzoq vaqtdan buyon London shimolida birdaniga ikki jamoa APL chempionligi uchun chinakamiga kurash olib bormoqda. Turning markaziy uchrashuvida «Tottenhem» «Arsenal» maydoniga safar qildi. Ayni vaqtda «shporlar» ham, «kanonirlar» ham yaxshi formada, lekin bu jamoalar o‘zlaridan kutilgan o‘yinni namoyish qilishmadi. O‘yinda tezlik bo‘ldi, kurashlar bo‘ldi, golli vaziyatlar bo‘ldi, lekin o‘yinning maqomidan kelib chiqib qaralganda, kutilgan o‘yin bo‘lmadi. Avvaliga Vimmer avtogol urdi, mehmonlarning javob golini Keyn penalti orqali kiritdi. Faqat o‘yinning oxirgi 20 daqiqaligida «Arsenal» raqibni qamab, bosim uyushtirdi – bu uchrashuvdan alohida ajratib ko‘rsatish mumkin bo‘lgani shu. Darvoqe, derbi derbidek bo‘lsin qabilida, ikkinchi bo‘lim davomida futbolchilar maydondagi bir vaziyat ortidan bir-birlariga bir muddat "xezlanib turishdi".

«Liverpul» «Uotford»ni yirik hisobda yengdi va turnir jadvalida 26 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda «Chelsi» (25), uchinchi o‘rinda «Manchester Siti» (24), to‘rtinchi «Arsenal» (24).
Mankunianliklarning porlashi
Manchesterliklar nihoyat katta ustunlik ko‘rsatib, g‘alabaga erishgan o‘yin guvohi bo‘lindi. Bir tomondan Mourinoning g‘oyalari «MYu»da ish berayotgandek, boshqa tomondan – «Suonsi» bu mavsum tushunarsiz o‘yin ko‘rsatmoqda, jamoa mavsumda faqat bitta g‘alabaga erishdi, u ham avgust oyida. Fortuna (yoki Jozening murabbiylik dahosi) mankunianliklarga safarda 3:1 hisobidagi g‘alabani olib keldi. O‘yindagi e'tiborga molik jihat Ibrahimovich o‘zining omadsiz seriyasiga chek qo‘ydi (birdaniga dubl qayd etib), shuningdek, himoyada Jons — Roxo juftligi yaxshi tajribadan o‘tdi, Pol Pogbaning goli esa muxlislarga manzur bo‘ldi, nihoyat Runi asosiy tarkibda tushib, 2ta golga hammualliflik qildi. Bu iblisona ertak kabi. Shu bilan birga Genrix Mxitaryan bu safar ham sheriklarining harakatlarini tribunadan turib kuzatishga majbur bo‘ldi.

APL turnir jadvalida 11 tur o‘yinlaridan keyin vaziyat. "Kuchli beshlik"














