16:24 / 07.11.2016
6149

Iroq armiyasi Mo‘sul uchun janglar davomida 2 mingdan ortiq jangarini yo‘q qildi

Foto: AFP

Iroq armiyasi Mo‘sul shahrini ozod etish uchun olib borilayotgan harbiy harakatlar davomida IShIDning 2 mingdan ortiq jangarisini yo‘q qildi. Bu haqda Naynava viloyatini ozod etish amaliyotiga rahbarlik qilayotgan brigada generali Najm al-Jaburi ma'lum qilgan.

"Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Mo‘suldagi harbiy amaliyotlar davomida IShIDning 2 ming nafardan ortiq jangarisi yo‘q qilingan. Ular orasida guruhlar qo‘mondonlari ham bor", degan general "As-Sumariya" telekanali orqali.

Ayni vaqtda iroqlik harbiylar Mo‘sul shahri g‘arbiy chegaralaridan 6 km masofada turibdi.

Generalning qayd etishicha, koalitsiya samolyotlari jangarilarning muhim infratuzilmalarini, o‘q-dori va harbiy texnikalar saqlanadigan omborlarini yo‘q qilib, iroqlik harbiylarga muhim yordamlarni ko‘rsatmoqda.

Mo‘sulni ozod etish uchun amaliyot 17 oktabr kuni boshlangandi. Unda Iroq armiyasi, xavfsizlik xizmatlari, kurd bo‘linmalari va shianing harbiylashgan guruhlarini o‘zida jamlagan 100 ming kishilik qo‘shin ishtirok etmoqda. Ularning koalitsiya samolyotlari havodan turib qo‘llab-quvvatlamoqda.

Top