13:57 / 08.11.2016
5935

Guus Hiddink 70 yoshda. Futboldagi eng mashhur murabbiylardan birining yo‘li

Taniqli niderlandiyalik murabbiy Guus Hiddink bugun 70 yillik yubileyini nishonlaydi.

Terma jamoalar bilan ishlashda ko‘proq nom qozongan Hiddink Rossiya terma jamoasi bilan Yevro-2008 yarim finaliga qadar borgandi. Bundan tashqari u Janubiy Koreya, Turkiya, Avstraliya, Niderlandiya terma jamoalari hamda Yevropadagi bir qator klublarda faoliyat ko‘rsatgan.

Hiddink ishlagan jamoalar qatorida PSV, «Valensiya», «Fenerbahche», «Real», «Chelsi» va Rossiyaning «Anji» klublarini sanash mumkin.

Guus Hiddink 1946 yilning 8 noyabrida Gelderland viloyati, Varsseveld shahrida Gerxard Xendrik Hiddink (1916-2009) va Aleida Yoxanna Prinsen (1920-2008) oilasida dunyoga kelgan.

1966 yilda Overven shahridagi sport ustalari institutni tamomlagan.

U faoliyatini "Varsseveld" jamoasida yarim himoyachi sifatida boshlagan.

1967-1970 yillarda "De Grafsxap" (Dutinxem) klubi uchun o‘ynagan. Shu bilan bir vaqtda u yoshlar jamoasining murabbiyi, asosiy jamoa murabbiyi yordamchisi bo‘lgan. 1969 yilda klub quyi liga chempioniga aylanib, yuqori divizionga chiqqan.

1970-1972 yillarda PSV (Eyndxoven) safida o‘ynagan Hiddink yana "De Grafsxap"ga qaytgan va 1976 yilga qadar shu jamoada bo‘lgan.

1973-1984 yillarda o‘ynovchi professional futbolchilikni tashlamagan holda parallel ravishda Dutinxemda jismoniy tarbiya murabbiyi sifatida ishlagan.

1977-1981 yillarda NeK (Neymegen) jamoasi safida o‘ynagan. Bu vaqtda u 2 marta AQShning "Vashington Diplomats" (1978) va "San-Xose Ertkueyks" (1980) jamoalariga ijaraga berilgan.

1981-1983 yillarda yana "De Grafsxap" safida bo‘lgan.

U futbolchilik faoliyatini 1983 yilda yakunlagan. Futbolchilik davrida 500 uchrashuv o‘tkazib, 80ta gol urgan.

1984-1987 yillarda u PSV jamoasida bosh murabbiyi yordamchisi bo‘lgan, 1987-1990 yillar davomida bu jamoani bosh murabbiy sifatida boshqargan. Hiddinkning murabbiyligida jamoa Niderlandiya chempionatida qatorasiga 3 yil (1987-1989) chempion bo‘lgan, bundan tashqari 3 marta mamlakat Kubogi (1987/1988, 1988/1989, 1989/1990) va 1988 yilgi Yevropa chempionlar kubogida g‘alaba qozongan.

1990-1991 yillarda u Istanbulning "Fenerbahche" jamoasin boshqaradi.

1991-1993 yillarda Ispaniyaning "Valensiya" jamoasida ishlaydi. U 1994 yilning martidan iyunigacha ham shu jamoada bo‘ladi.

1995-1998 yillarda Niderlandiya terma jamoasi boshqaruviga ilk marta kelgan. Uning rahbarligidagi jamoa 1998 yilgi Jahon chempionatida to‘rtinchi o‘rinni egallagan.

1998-1999 yillarda "Real" (Ispaniya) jamoasi bosh murabbiyiga aylangan mutaxassis 1998 yilgi Qit'alararo kubokda zafar quchgan.

2000 yilda "Real Betis" (Ispaniya) jamoasida ishlagan murabbiy, 2001-2002 yillar davomida Janubiy Koreya terma jamoasini boshqargan. U koreyslar bilan 2002 yilgi jahon chempionatida to‘rtinchi o‘rinni egallagan.

2002-2006 yillarda u yana PSV murabbiyi sifatida ishladi. U jamoa bilan uch marta mamlakat chempioni bo‘lgan (2003, 2005, 2006), 1 marta Kubok sohibi (2004/2005) va bir marta Niderlandiya Superkubogiga ega chiqqan (2003). 2002-2004 yillarda Hiddink Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi texnik direktori bo‘lgan.

2005-2006 yillarda u Avstraliya termasini boshqargan. Uning rahbarligida jamoa 32 yil ichida ilk marta jahon chempionatiga chiqdi. 2006 yili avstraliyaliklar mundialning 1/8 bosqichiga yetib borib, Italiyaga yutqazdi.

2006 yilning iyulidan 2010 yilning 30 iyuniga qadar ushbu mutaxassis Rossiya terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘ldi. Hiddink Rossiya futbol ittifoqi bilan 2006 yilning 14 aprelida shartnoma tuzgandi. Uning rahbarligida rossiyaliklar 2008 yili Avstriya va Shveytsariya mezbonligida o‘tgan Yevropa chempionatida guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqib, chorak finalda Niderlandiyani yengdi va yarim finalda o‘ynadi. Bu Rossiya terma jamoasining eng yaxshi ko‘rsatkichi bo‘lib qolmoqda.

U 2010 yilgi JCh saralashidagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin lavozimini tark etdi. Hiddink Rossiya termasi bilan 39 uchrashuv o‘tkazdi (22 g‘alaba, 7 durang, 10 mag‘lubiyat).

Uning JCh-2010 saralashi davridagi yillik maoshi miqdori 7 mln yevroni tashkil etgan.

2010-2011 yillarda u Turkiya terma jamoasi bilan ishladi.

2012-2013 yillarda Maxachqal'aning "Anji" klubiga kelgan murabbiy jamoa bilan 2013 yilda Rossiya chempionatida uchinchi o‘rinni egalladi va o‘z tarixida ilk marta sovrindor bo‘ldi. 

2014-2015 yillarda yana Niderlandiya terma jamoasiga murabbiy bo‘lgan mutaxassis muvaffaqiyatsizlik tufayli ishdan bo‘shadi.

2015 yilning dekabridan 2016 yilning mayigacha "Chelsi" bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi sifatida ishlagan Hiddink ayni damda ushbu jamoa maslahatchisi hisoblanadi.

U 2008 yilda Rossiyada xizmat ko‘rsatgan murabbiy bo‘lgan. Ikki marta Niderlandiya Qirollik futbol ittifoqi tomonidan ta'sis etilgan, mamlakatning eng yaxshi murabbiyiga topshiriladigan Rinus Mixels mukofotiga loyiq ko‘rilgan (2005, 2006).

U Janubiy Koreyaning faxriy fuqarosi (2002 yil, bu unvonni olgan yagona shaxs). U Seul va Eyndxoven (2006) shaharlarining ham faxriy fuqarosi sanaladi. Seuldagi Sejon va Konkuk (2002) universitetlarining faxriy doktori.

Guus Hiddink Ine Bemkes bilan turmush qurgan. Bu nikohdan Mixael (1969) va Mark (1972) tug‘ilgan. Hozirda Elizabet Pinas bilan nikohda.

Uning faoliyatiga bag‘ishlab qator kitoblar yozilgan: Chxve Yen Gyun "Hiddinkning kuchi" (2002, The Power of Hiddink), Marten Meyyerning "Hiddink. Guus barchasiga qodir" (2006, Guus Hiddink: Going Dutch) va Igor Rabinerning "Dik Advokat va Gus Xiddink. Gollandlarning Rossiyadagi sarguzashtlari" (2012) shular jumlasidan.

2005 yilda Guus Hiddink jamg‘armasi tashkil etilgan, bu jamg‘arma futbol sohasida bolalar uchun xayriya tadbirlari tashkillashtiradi. Bosh ofisi Seul shahrida joylashgan.

2006 yili Avstraliyada Guus Hiddink tasviri tushirilgan pochta markasi chiqarilgan.

2013 yilda u o‘zining faoliyatidagi ilk professional futbol klub bo‘lmish "De Grafsxap" qiyin ahvolga tushib qolganida moliyaviy ko‘mak ko‘rsatgan.

U ingliz, ispan, nemis va fransuz tillarida mustaqil so‘zlasha oladi.

"De Grafsxap" timsoli - ko‘k-oq zebra (Gus.0sau) Hiddink sharafiga ishlangan.

Mavzuga oid
Top