16:11 / 09.11.2016
7600

Xorazmlik saylovchilar Xatamjon Ketmonovning saylovoldi dasturi bilan yaqindan tanishtirildi

Foto: O‘zbekiston XDP Matbuot xizmati

2016 yil 9 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga O‘zbekiston XDPdan ko‘rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonov Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston XDP MK Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Viloyatning Ma'naviyat va ma'rifat markazi katta majlislar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuv, bir vaqtning o‘zida viloyatning barcha tumanlaridagi saylovchilar bilan video-konferensiya shaklida tashkil etildi. 

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdug‘affor Kirg‘izbayev ochdi va olib bordi.

Dastavval, nomzodning ishonchli vakili Raimbergan Saburov so‘z olib, Xatamjon Ketmonovning tarjimai holi bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.

Shundan so‘ng,  so‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, partiya fraksiyasi rahbari Xatamjon Abdurahmanovich Ketmonovga berildi.

Xatamjon Ketmonov dastlab, Xorazm diyori haqida so‘z olib, xalqimiz ma'naviyatining noyob yodgorligi bo‘lgan “Avesto” kitobi Xorazm tuprog‘ida yaratilganligini,  Xorazm Buyuk Ipak yo‘lining Markaziy tarmoqlari kesishgan nuqtalardan biri bo‘lanligi, dunyo tamadduni uchun ahamiyatli qator olamshumul va  buyuk kashfiyotlar shu zaminda amalga oshirilganligi va boshqa ko‘plab misollarni tilga oldi. Bularning barchasi Xorazm elining bugungi taraqqiyoti va ulug‘ligining asosiy omili va mustahkam zamini ekanligini, bu zamin xalqi azaldan  faqat bugungi kunni emas, balki uzoq kelajakni  ko‘zlab ish tutishini ta'kidladi.
 
Nomzod o‘z Saylovoldi dasturi bilan yig‘ilganlarni tanishtirar ekan, unda avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qat'iy amal qilinishi, milliy manfaatlarga sodiqlik, mamlakat mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligini ta'minlash, fuqarolararo va millatlararo hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni saqlash orqali O‘zbekistonning bosh strategik maqsadi – rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shilish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashga qaratilgan ezgu maqsadlar mujassamligini tilga oldi. 

Nomzod o‘z dasturida ilgari surayotgan kichik biznes, uy mehnati, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta'minlash samaradorligini oshirish, mehnat qonunchiligida ayollarga berilgan huquq va qo‘shimcha imtiyozlardan keng foydalanishlari uchun yanada maqbul sharoitlarni yaratish, mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta'minlash zarurligini ta'kidladi.

Shundan so‘ng asosiy ma'ruza yuzasidan bir qator ishtirokchilar so‘zga chiqdilar.

Top