14:40 / 10.11.2016
10623

Siz saylovchilar ro‘yxatidamisiz?

Shu kunlarda milliy qonunchilikka hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir asosiy tadbirlar dasturiga muofiq barcha saylov okruglarida faollik bilan mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqeaga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Hozirgi vaqtda uchastka saylov komissiyalari saylovchilar ro‘yxatini tuzish bo‘yicha ishlar olib bormoqda. Har bir mamlakatning saylovga doir qonun hujjatlari o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Saylovchilarni ro‘yxatga olish masalasi ham ana shunday jihatlardan biridir.

“Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasida saylov kuniga qadar yoki saylov kunida 18 yoshga to‘ladigan, tegishli saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilib turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilish huquqiga egadirlar deb belgilab qo‘yilgan. Bu fuqarolarning kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy holati, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma'lumoti, tili, dinga bo‘lgan munosabati, bilimi turi va xususiyatidan qat'i nazar ularning teng saylov huquqlarini ta'minlashga xizmat qiladi.

Xalqaro amaliyotda saylovchilarni ro‘yxatlarga kiritishning turli shakllaridan foydalaniladi. YeXHT DIIHBning xalqaro saylov standartlari va saylovni kuzatishga doir  hujjatlariga muvofiq saylovchilar ro‘yxatlarini tuzishning ikki xil tizimi mavjud. Birinchisi – ro‘yxatga kiritishning faol (xabardor qiluvchi) tizimi. Bunda fuqarolar o‘zlarini saylovchilar sifatida ro‘yxatlarga kiritilishi haqidagi iltimos bilan murojaat qilishlari lozim.

Ikkinchi, ya'ni passiv tizimga ko‘ra saylovchilar ro‘yxati aholi reyestri yoki fuqarolar reyestri yoxud hisobga olishning boshqa shakllari asosida avtomatik tarzda tuziladi.
Saylovchilarning to‘liq, ochiq-oshkora va aniq reyestri ta'minlansa, u tizim ham, bu tizim ham maqbul tizimlar hisoblanadi.

Bizning milliy qonun hujjatlarimiz xalqaro normalar bilan e'tirof etilgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxatlariga kiritishning passiv tizimiga, ya'ni majburiy tizimiga asoslanadi. Biroq bu saylovchilarning saylovda ishtirok etishi majburiyligini anglatmaydi. Zero saylovchining saylovda ishtirok etishi uning konstitutsiyaviy huquqi hisoblanadi. Fuqarolarning saylovda ishtirok etishi yoki ishtirok etmasligi ixtiyoriydir. Ayrim mamlakatlarda saylovga kelmaganlik uchun ma'muriy javobgarlik nazarda tutilganligini hisobga olsak, bizning milliy saylov qonunchiligimiz demokratik prinsiplarga naqadar mos kelishini guvohi bo‘lamiz.

Saylovchilarning aniq va to‘g‘ri ro‘yxatini tuzish bo‘yicha YeXHT DIIHBning xalqaro saylov standartlarida belgilangan talablarga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2015 yil 3 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha uchastka saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq tegishli hududda yashovchi saylovchilar haqida ma'lumotlar olingandan so‘ng uchastka saylov komissiyasi uyma-uy aylanib chiqish orqali hokimliklardan olingan saylovchilar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi. Uchastka saylov komissiyasi tomonidan bunday tadbirning o‘tkazilishi saylovchilar ro‘yxatining to‘g‘ri va aniq tuzilishiga ko‘maklashishi shubhasiz. 

Bunday tizim amaliyotda barcha saylovchilarni qamrab oladi, ularning xohish-irodasi ifodalanishini ta'minlaydi, saylovni o‘tkazish chog‘ida ma'lumotlar qalbakilashtirilishining va suiste'mol qilishning oldini olish imkonini beradi. Axir har bir saylovchi shaxsan o‘zi ovoz beradi va boshqa shaxslar uchun ovoz berishi mumkin emas. Saylovchi byulleteni ro‘yxatga kiritilgan saylovchiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini yoki shaxsini va yashash joyini tasdiqlovchi boshqa hujjatni ko‘rsatganda beriladi. Har bir saylovchi saylovchilar ro‘yxatidagi o‘z familiyasining qarshisiga imzo qo‘yib, saylovchi byulletenini olganligini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, saylovchilar ro‘yxatining tuzilishi keyinchalik ovozlarni aniq hisoblash va saylovning haqiqiyligi yoki haqiqiy emasligini, shuningdek umuman mamlakat va okruglar bo‘ylab saylovchilarning aniq sonini aniqlash imkonini beradi. Ma'lumki, agar saylovda saylovchilar ro‘yxatlariga kiritilgan saylovchilarning 33 (o‘ttiz uch) foizidan kamroq qismi ishtirok etsa, saylov o‘tkazilmagan deb hisoblanadi.

Saylovchilar byulletenlari sonini aniqlashda hamda ularni okruglar va uchastkalar bo‘yicha taqsimlashda ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar soni haqidagi ma'lumotlar katta ahamiyatga ega.
Shuni alohida qayd etish lozimki, saylovchilar ro‘yxati, eng avvalo, fuqarolar saylov huquqlarining to‘liq amalga oshirilishini ta'minlash maqsadida tuziladi. Ovoz berish huquqiga ega har bir fuqaro ro‘yxatga kiritilmagan bo‘lsa, noto‘g‘ri kiritilgan bo‘lsa uchastka saylov komissiyasidan uni saylovchilar ro‘yxatiga kiritishni yoki ro‘yxatdan chiqarib yuborishni talab qilishga haqli.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga muvofiq  jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta'minlab beriladi. Shundan kelib chiqqan holda 2015 yil 29 dekabr kuni saylov to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartishlar kiritildi. Ushbu o‘zgartishlarga ko‘ra ovoz berish qamoqda saqlash joylarida ham tashkil etilishi mumkin. Bu fuqarolar huquqlarining amaliyotda to‘liq ro‘yobga chiqarilishiga ko‘maklashadi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 23-moddasiga muvofiq saylovchilarning ro‘yxatlari saylovdan o‘n besh kun oldin, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida, sanatoriy va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa doimiy ishlaydigan davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan joylarda, qamoqda saqlash joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida esa saylovdan ikki kun oldin hammaning tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.

Shunisi e'tiborliki, fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi xonasida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishib chiqish va ro‘yxat to‘g‘ri tuzilganligini tekshirish imkoniyati beriladi.

Shuningdek har bir fuqaroga ro‘yxatda ko‘rsatilgan o‘zi haqidagi ma'lumotlar bilan bog‘liq noaniqliklar ustidan shikoyat qilish huquqi beriladi. Bu masala bo‘yicha arizalar uchastka saylov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Uchastka saylov komissiyasi arizani yigirma to‘rt soat ichida, saylov arafasida va saylov kuni esa darhol ko‘rib chiqishi, ro‘yxatga zarur tuzatishlar kiritishi yoxud ariza beruvchiga uning talabi rad etilganligi haqidagi asosli qarorning nusxasini berishi shart. Komissiya qarori ustidan saylovdan uch kun avval tuman (shahar) sudiga shikoyat qilish mumkin. Tuman (shahar) sudi shikoyatni yigirma to‘rt soat ichida ko‘rib chiqishi shart. Tuman (shahar) sudining qarori yakuniy qaror hisoblanadi. Sud qaroriga muvofiq saylovchilar ro‘yxatiga uchastka saylov komissiyasi tomonidan darhol tuzatish kiritiladi.

Demak, saylovchilar ro‘yxatini ochiq-oshkora tuzish bo‘yicha amaldagi qonun hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilgan tartib amaliyotda fuqarolar xohish-irodasi to‘liq ifodalanishini ta'minlabgina qolmay, balki mamlakatimizda har bir fuqaroning ovozi muhim ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi.

Abdumannob RAHIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi 
Konstitutsiyaviy sudining 
katta eksperti
 

Top