14:37 / 11.11.2016
5115

Xalqaro simpoziumning ikkinchi kunida Kolmogorov turbulentligi mavzusida so‘z yuritildi

Fundamental va eksperimental fizika masalalariga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumning ikkinchi kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti fizika fakulteti (Ulug‘bek shaharchasi) da davom etdi.

Kunning birinchi yarmidagi plenar yig‘ilishni avstraliyalik professor A. Bray kirish so‘zi bilan ochib berdi. 

Dastlab so‘zga chiqqan ma'ruzachi – rossiyalik fizik olim Ye. Kuznetsov Kolmogorov turbulentligi mavzusida so‘z yuritdi. U o‘z ma'ruzasini nazariy jihatdan asoslab, bu borada o‘tkazilgan tajribalar natijalariga murojaat qildi.

Uning xitoylik hamkasbi, xitoylik olim Yu Lu ma'ruzasi avvalida mazkur xalqaro simpoziumda ishtirok etish taklifini olgach, taqdimoti mavzusi ustida juda ko‘p o‘ylanganini tan oldi. Mavzuga qiziqarlilik va foydalilik mezonlari asosida yondashgan olim O‘zbekistonda fizika fanining mustaqillikdan oldingi va keyingi yutuqlarini o‘rganib chiqib, metafizika masalalariga to‘xtalishga qaror qildi. Xitoy Fanlar akademiyasi professori Yu Lu metafizikaning taraqqiyoti haqida o‘z mamlakati tajribasi misolida so‘z yuritar ekan, shunday dedi: “Mening ilmiy faoliyatimning dastlabki davri juda murakkab davrga to‘g‘ri keldiki, ilm bilan asosan mustaqil, hech bir tashqi ko‘maksiz shug‘ullandim. Bugun fizikaga qiziqayotgan va bu borada muayyan yutuqlarga erishayotgan yoshlarning ko‘pligi quvonarli hol. Zero, fizika jamiyat rivojining asosidir. Yoshlarning bu qiziqishlarini rag‘batlantiruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi sharoitning mavjudligi ham katta yutuq. O‘zbekistonda ham yoshlar uchun ham bu borada juda keng imkoniyatlar yaratilganligining guvohi bo‘lib turibman. O‘zbek yoshlarining ilm sohasidagi yutuqlari haqida hali ko‘p eshitishimga ishonaman”.  

Plenar yig‘ilishdagi keyingi ma'ruzachi – professor Bobomurod Ahmedov  o‘zbek astrofizik olimlarining jahon olimlari bilan hamkorligi natijalari, O‘zMU fizika fakulteti talabalarining fan doirasida qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida gapirib o‘tdi.

Top