18:12 / 11.11.2016
5768

Xatamjon Ketmonov Jizzaxda 32 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritayotganini ta'kidlab o‘tdi

Foto: O‘zXDP matbuot xizmati

2016 yil 11 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga O‘zbekiston XDPdan ko‘rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonov Jizzax viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston XDP MK Matbuot xizmati ma'lum qilmoqda

Jizzax shahridagi Jizzax maxsus industrial zonasi ma'muriy binosi konferensiyalar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuv, bir vaqtning o‘zida viloyatning barcha tumanlaridagi saylovchilar bilan video-konferensiya shaklida tashkil etildi. 

Tadbirni Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi deputati, Jizzax tumani transport va sanoat kasb-hunar kollejini direktori Quraqboy Ergashev ochdi va olib bordi.

Dastavval, nomzodning ishonchli vakili Nosir Siddiqov so‘z olib, Xatamjon Ketmonovning tarjimai holi bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.

Shundan so‘ng,  so‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, partiya fraksiyasi rahbari Xatamjon Abdurahmanovich Ketmonovga berildi.

Xatamjon Ketmonov dastlab, Jizzax viloyatida mustaqillik yillaridagi o‘zgarishlar va yangilanishlar, viloyatning iqtisodiy salohiyati haqida to‘xtalib, 2013 yilda tashkil etilgan  «Jizzax» maxsus industrial zonasi nafaqat  viloyat balki, respublika iqtisodi uchun, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy, yuksak texnologiyali va innovatsion ishlab chiqarishlarni barpo etish maqsadidagi eng muhim loyiha ekanligini haqida so‘zladi. 

Bugungi kunda viloyatda jami 32 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritib, ularda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning aksariyati mahalliy xomashyodan foydalangan holda yengil sanoat  mahsulotlari ekanligi haqida to‘xtaldi.

Bir tomonda  Chimqortog‘ va Molguzar, bir tomondan  Nurota tizma tog‘lari, yana bir tomondan esa  Aydarko‘lga tutashgan boy tabiiy shart-sharoitga ega bu hudud go‘zal va maftunkor tabiati bilan eng avvalo, ekoturizmning rivojlanishiga xizmat qilishini e'tirof etdi. Bunday maftunkor tabiat, musaffo havodan nafas olib yashayotgan xalqning siyosiy ongi va tafakkuri,  mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, yurt kelajagiga nisbatan daxldorlik tuyg‘usi nihoyatda yuksak bo‘lishi tabiiy ekanligini va bu o‘z navbatida ochiq fuqarolik jamiyatining  asosiy sharti bo‘lib,  fuqarolarning hohish irodasini ifoda etuvchi  saylovlar jarayonida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidladi.

Bundan tashqari, saylovchilar, nomzod Saylovoldi dasturida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning ijtimoiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishlarini ta'minlash, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish uchun ijtimoiy obektlarda nogironlarga maxsus kirish yo‘lagi – panduslar hamda ularga moslashtirilgan piyodalar yo‘lakchalari bo‘lishini ta'minlash, mavjud barcha bino va inshootlarni nogironlar kira olishlari nuqtai nazaridan xatlovdan o‘tkazish hamda yo‘lakchalarni nogironlarga moslash bo‘yicha maxsus davlat dasturini qabul qilish bo‘yicha berilgan takliflarni ijobiy baholadilar.

Mavzuga oid
Top