Futbol bo‘yicha Braziliya terma jamoasi sardori Neymar JCh-2018 saralashining 11-turida Argentinaga qarshi kechgan va 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan uchrashuvda terma jamoasi safidagi 50-golini urdi. Endi u braziliyaliklarning afsonaviy futbolchilari Pele, Ronaldo va Romario qatorida terma jamoa uchun 50 gol urgan futbolchi bo‘ldi.
Neymar argentinaliklarga qarshi uchrashuvning 45-daqiqasida hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Qayd etish kerakki, Neymar Braziliyaning oxirgi 4 uchrashuvida 3ta gol urdi va 5ta golga to‘p uzatdi.
Neymar 50ta golini terma jamoadagi 74 uchrashuvda urishga ulgurdi. Terma jamoa uchun 50tadan ortiq gol urganlar uchligi quyidagicha: Birinchi - Pele (77 gol, 91 uchrashuv), ikkinchi - Ronaldo (62 gol, 98 uchrashuv), uchinchi - Romario (55 gol, 70 uchrashuv).
Braziliyaliklar bu g‘alabadan keyin guruhda 24 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Argentina 16 ochko bilan oltinchi o‘rinda va jamoa mundialga yo‘llanma beruvchi o‘rinlardan tashqarida qolmoqda.








