20:01 / 11.11.2016
4770

Toshkentda jahon fiziklarining anjumani yakunlandi

Foto: uza.uz

Toshkentda 10-11 noyabr kunlari Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan «Fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalari: muammolar, yutuqlar, istiqbollar» mavzuida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Simpoziumda fizika, astronomiya va astrofizika, energetikaning, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llash samaradorligini oshirishning ilmiy asoslari, mahalliy xomashyo manbalari asosida yangi materiallar olish, zamonaviy nanofizika va nanotexnologiyani rivojlantirishning eng muhim masalalari muhokama qilindi.

– Mazkur xalqaro forum O‘zbekistonda qadimdan mavjud fundamental ilmiy salohiyatning bugun ham amalda faol namoyon bo‘layotganining dalilidir, bu barqaror kelajak uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Antverpen universiteti professori De Vos Dirk Lusiyen (Belgiya). – Mazkur forumda biomateriallarning tirik organizmda energiya almashishi, uni saqlashi, ma'lumot almashishining fizik asoslari haqida so‘z yuritildi.

Foto: uza.uz

Germaniyadagi Yer haqidagi fanlar ilmiy-tadqiqot markazi sun'iy yo‘ldoshlar o‘lchashlariga asoslangan geodeziya texnologiyalarini koordinatsiya va integratsiya qilish bilan shug‘ullanadi. Bu tizim geometrik koinot texnologiyalarini amaldagi geodeziya bilan birlashtirishga, yer sirtida olingan o‘lchashlarni uchish apparatlari yordamida va koinotdan olingan kuzatuv ma'lumotlari bilan yaxlitlashga ham mas'uldir. Mustaqillik yillarida mazkur markaz bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti o‘rtasida izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Natijada, Astronomiya institutida Global pozitsiyalash tizimining (GPS) Kitob, Toshkent va Maydanak xalqaro stansiyalari tashkil qilindi, hamkorlikda regional tezliklar aniqlanib, hududlarning seysmik xavfi baholandi.

Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi qoshidagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi instituti direktori o‘rinbosari, professor Oleg Pchelyakovning aytishicha, mamlakatimizda quyosh energetikasini taraqqiy ettirish uchun qulay geografik iqlim, yetarlicha salohiyat, buning fundamental va tashkiliy asoslari mavjud: O‘zbekistonda bir yilda 320 kundan ziyod havo ochiq bo‘lishi quyoshli kunlar ko‘pligi bo‘yicha dunyoning aksariyat mintaqalariga nisbatan ancha ustunlikni ta'minlaydi.

Qisqacha aytganda, mazkur xalqaro simpozium bugun dunyo fizikasidagi dolzarb fundamental va amaliy masalalarni muhokama qilish, o‘zbek fizika maktabining mustaqillik davridagi yutuqlarini xalqaro miqyosda yana bir bor keng namoyish etish imkonini berdi. Bu nafaqat ilm-fan, balki boshqa ko‘plab sohalar rivojida ham katta ahamiyat kasb etadi.

 

Top