07:48 / 11.11.2016
9926

Trampning g‘alabasi «Formula-1» poygachisi Peresga qimmatga tushdi

Foto: tass.ru

«Formula-1» tasnifida «Fors Indiya» jamoasi tarkibida jahon chempionatlarida ishtirok etgan meksikalik poygachi Serxio Peres Hawkers kompaniyasi bilan shartnomani bekor qilish niyatida. Bunga, mazkur kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda Peres mamlakati haqida hazillashgani sabab bo‘ldi.

Quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynaklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniya, AQSh prezidentlik saylovida Donald Trampning g‘alabasidan keyin o‘zining Twitter sahifasida «endi meksikaliklar ko‘zyoshlarini yashirishlari uchun Hawkers ko‘zoynaklarini taqib yurishi kerak bo‘ladi» deb yozgan edi. Bunga javoban, Peres homiysi bilan shartnomani bekor qilishi haqida bayonot bergan, deb xabar qilmoqda «BBC».

«Bu nimasi? Bugundan boshlab Hawkers bilan munosabatlarni to‘xtataman. Men hech kimga hech qachon mamlakatimni mazax qilishiga yo‘l qo‘ymayman», — degan poygachi Twitter sahifasida. 

Hawkers o‘z navbatida barcha meksikaliklardan oshkora kechirim so‘rab, o‘z xabarini o‘chirib tashladi. 

Eslatib o‘tamiz, Tramp saylovoldi kampaniyasi chog‘ida noqonuniy muhojirlikka qarshi kurashish maqsadida Meksika bilan chegarada devor barpo qilishini ta'kidlagan edi. 

 

Mavzuga oid
Top