15:33 / 12.11.2016
12833

2 milliondan ortiq kishi saylovchilar hay'atidan Klintonga ovoz berishni so‘ramoqda

Foto: abcnews

Change.org saytida e'lon qilingan petitsiyani imzolaganlar, Saylovchilar kollegiyasini rasman sobiq davlat kotibi Hillari Klintonga ovoz berishga undamoqda. AQSh saylov qonunchiligiga ko‘ra, Kollegiya 19 dekabrda mamlakat prezidentini saylashi kerak.  

Murojaatda aytilishicha, Hillari Klinton prezidentlik saylovlarida AQSh fuqarolarining aksariyat ovozini to‘plagan, ammo yagona sabab, ya'ni Saylovchilar kollegiyasida yetarli tarafdorga ega bo‘la olmagani sabab mag‘lubiyatini tan olishga majbur bo‘lgan. Respublikachi nomzod Donald Tramp davlat rahbari lavozimini egallagan. Petitsiya mualliflarining qayd etishicha, Oq uy ixtiyorini Klintondan boshqa Tramp kabi nomzodga berish mumkin emas. 

«Shunday ekan, nima uchun, demokratiya tantanasi yo‘lida bizning eng nodemokratik institutimiz imkoniyatidan foydalanmasligimiz kerak? Janob Tramp prezidentlikka munosib emas. Uning impulsivligi, yolg‘onchiligi, insonlarni tahqirlashi, jinsiy zo‘ravonligi hamda tajribasining yo‘qligi Trampni Respublika uchun xavfli shaxsga aylantiradi. Klinton xalqning aksar ovozini to‘pladi va prezident bo‘lishi kerak», — deyiladi petitsiya mualliflarining bayonotida. 

Uni xabar yozilayotgan vaqtda 2,06 mln kishi imzolagan edi.

Top