21:24 / 13.11.2016
7601

Seul meriyasi prezidentga qarshi namoyishga 1,26 mln kishi chiqqanini ma'lum qildi

Foto: Reuters

Seul meriyasi mamlakat prezidenti Pak Kin Xega qarshi namoyishga 1,26 mln kishi chiqqanini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda "Ryonxap" axborot agentligi. 

Politsiya norozilik namoyishlarida 260 ming kishi, uning tashkilotchilari esa 1 mln kishi ishtirok etganini ma'lum qilgan. Meriya ma'lumotlari esa markaziy tumandagi metrodan foydalangan namoyishchilar hisob-kitobiga asoslangan. 

Namoyish davomida politsiya bilan kichik to‘qnashuvlar yuz bergan, 56 nafar namoyishchi va 4 nafar politsiyachi jarohat olgan. Namoyish tonggi soat 5.00 ga yaqin tarqatilgan, 23 kishi hibsga olingan. 

Namoyishlarga prezidentning dugonasi  Tsoy Sun Sil aralashib qolgan mojaro sabab bo‘lgan. Hozirda Tsoy hibsga olingan, unga ayblov 19 noyabrda e'lon qilinadi. Prkurorlar prezidentning o‘zini 15 yoki 16 noyabrda eshitishmoqchi.

Tergov idoralarining fikricha, Tsoy Sun Sil o‘zining prezidentga ta'siridan foydalanib, yirik kompaniyalardan pul undirgan va ulardan shaxsiy maqsadlarida foydalangan. Gap 52 ta kompaniya va korporatsiyalardan Tsoy tomonidan yaratilgan notijorat jamg‘armalari foydasiga yig‘ib olingan 77,4 mlrd von (70 mln dollar) haqida ketmoqda. 7 ta yirik korporatsiya rahbariga prezidentning shaxsan o‘zi bosim o‘tkazgani haqida ma'lumotlar ham bor.

Bundan tashqari, Janubiy Koreya OAV prezident 2018 yilgi Pxyonchxan qishki Olimpiadasi tashkiliy qo‘mitasi raisi lavozimini egallagan Hanjin Group rahbaridan qurilishga buyurtmani Tsoy yaqin aloqada bo‘lgan shveysar firmasiga berishni so‘raganlikda gumonlanayotganini ma'lum qildi. Hanjin Group rahbari bu iltimosni bajarmaganda, prezident uning iste'foga ketishini talab qilgan.

Janubiy Koreya prezidenti atrofida yuzaga kelgan siyosiy mojaro OAV prezident dugonasiga o‘z nutqlarini tahrir qilishga bergani haqida ma'lum qilgandan keyin avj olib ketgan.

 

Mavzuga oid
Top