19:58 / 14.11.2016
5196

YeXHT kuzatuvchilari Samarqanddagi okrug saylov komissiyasida bo‘lishdi

Foto: Jahonnews.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (DIIHB) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasi uzoq muddatli kuzatuvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi jarayonlari, okrug saylov komissiyasi vakolatlari va olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi. 

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, okrug saylov komissiyasi tomonidan Samarqand viloyatida 1030 saylov uchastkasi tuzilgani va uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlangani, ayni paytda komissiyalar o‘z faoliyatini boshlagani ta'kidlandi. 

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish ochiq va oshkora amalga oshirilib, okrug saylov komissiyasi fuqarolarni o‘z faoliyatidan xabardor etib bormoqda. Bunda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Okrug saylov komissiyasi huzurida saylovni yoritish bo‘yicha matbuot markazi tashkil etilgan. 

Ayni paytda davom etayotgan saylovoldi tashviqotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga teng sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Bu davrda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda nomzodlarga hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqti va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta'minlangan. 

Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi uzoq muddatli kuzatuvchilari Anna Gizela Renshmid xonim va Aleksandr Nyuton Anderson bu galgi Prezident saylovini kuzatish uchun missiya O‘zbekistonda birinchi marta to‘liq tarkibda ishtirok etayotganini bildirdi. 

– Toshkent shahrida missiyamizning bosh shtabi o‘z faoliyatini boshladi, – deydi Aleksandr Nyuton Anderson. – Uning tarkibida saylov tizimi, siyosiy, qonunchilik, media, kam sonli millatlar bo‘yicha ekspertlar bor. 20 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar mamlakat bo‘ylab saylovga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishmoqda. Bu kuzatuvimiz asosan saylov kampaniyasining borishi, milliy qonunchilik va xalqaro standartlarga rioya etilishini o‘rganish bilan bog‘liq bo‘ladi. Mazkur kuzatuvlar natijalari asosida missiyamizning oraliq hisoboti e'lon qilinadi. Saylov yakuni bilan dastlabki va yakuniy hisobotlar tayyorlanadi. 

Mehmonlar saylov okrugida komissiyaning samarali faoliyat olib borishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.

Mavzuga oid
Top