14:35 / 14.11.2016
5149

OTB Toshkent viloyatida suv ta'minotini yaxshilashga kredit ajratdi

Foto: bankersadda.com

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning Toshkent viloyatida suv ta'minotini yaxshilash uchun 120 mln dollar miqdorida kredit ajratishga qaror qildi. 

OTB matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu mablag‘lar poytaxt viloyati Qibray va Zangiota tumani aholisi uchun ichimlik suvi ta'minotini yaxshilashga yo‘naltiriladi. Loyiha amalga oshirilgach, 260 mingdan ortiq odam xavfsiz ichimlik suvining uzluksiz ta'minotiga ega bo‘ladi. 

Bundan tashqari, shaxsiy xo‘jaliklar va korxona hamda tadbirkorlik subektlarining suvga bo‘lgan xarajatini kamaytirish barobarida turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi. 

OTBga ko‘ra, ikkala tuman ham Toshkent viloyati iqtisodiyotiga sezilarli hissa qo‘shadi. Tumanlar agrosanoat va tekstil sanoatida ulkan salohiyatga ega. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, Zangiota tumanida yangi maxsus sanoat hududi tashkil etilishi ham mumkin. 

O‘zbekiston 1995 yildan OTB a'zosi hisoblanadi. O‘tgan davr mobaynida respublika xalqaro moliya muassasasidan 5,1 mlrd dollar kredit va 64,9 mln dollar texnik ko‘mak grantlari olgan. 
 

Top