Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida bo‘layotgan jarayonlarga imom–xatiblar o‘z munosabatlarini bildirishlari, adashgan oqimlarning puch da'volariga ilmiy, asosli raddiyalar berishlari, ularning xatarli g‘oyalaridan musulmonlar ommasini saqlash va odamlarga sof islom ta'limotlarini mag‘izini tushuntirish hamda islom ezgulik, tinchlik dini ekanligini yetkazishlari asosiy vazifa hisoblanadi.

Oqil hayotdan, tarixdan ibrat olib yashaydigan kishidir. Bu maqola orqali e'tiboringizga tarixga muhrlangan ana shunday ibratli nasihatni havola qilamiz. O‘qib hozirgi zamonda din niqobi ostida har qanday xunrezlikni qilishga tayyor g‘alamislarning asl basharasini bilib olasiz.

Mashhur muarrix Abulqosim Aliy ibn Hasan o‘zining «Tarixi madina ad–Dimashq» asarida: «Abu Bakr roziyallohu anhuning Shom fathiga ehtimomi» bobida qo‘mondonlarga nasihatlarini keltirganlar. O‘sha voqeani qisqacha tafsiloti keltirib o‘tsak.

Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu amirlardan birini Shomga jo‘natayotib o‘nta nasihat qilganlar. Bu voqea o‘n uchinchi hijriy yili bo‘lgan. Abu Bakr roziyallohu anhu nasihat qilgan zot Yazid ibn Abu Sufyon edi. Bu nasihatlar urush holatida qo‘mondonlarga qarata aytilgan. Urush vaqtida ham ushbu o‘n nasihatga amal qilish kerak va lozim bo‘lsa, tinch o‘lkalarda odamlarni qirg‘inbarot etib, obod joylarni vayron qilayotgan vahshiylarning ishlariga nima deyish, qanday baho berish mumkin?!

O‘sha o‘n nasihat quyidagilar:

1. Xargiz ayol kishini, 
2. yosh bolalarni, 
3. yoshi katta keksalarni o‘ldirma.

Islom dinida ayollar qadrlanadi, e'zozlanadi. Bunga zid bo‘lgan har qanday ishlar qoralanadi.

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning g‘azotlaridan ba'zisida bir ayol o‘ldirilgan holda topildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayol va bolalarni o‘ldirishni qattiq inkor qildilar»Imom Muslim rivoyati.

Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘sha g‘azotlaridan ba'zisida bir ayol o‘ldirilgan holda topildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayol va bolalarni o‘ldirishdan qaytardilar», dedi.