07:55 / 15.11.2016
8501

Ukraina politsiyasi deputatlar Boyko va Lyashko o‘rtasidagi mushtlashuv yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi

© REUTERS/ Alex Kuzmin

Ukraina politsiyasi Ukrainaning "Muxolif blok" fraksiyasi yetakchisi Yuriy Boyko va "Radikal partiya" yetakchisi Oleg Lyashko o‘rtasida Oliy radada mushtlashuv yuz bergani yuzasidan ish qo‘zg‘atdi.

Avvalroq "Radikal partiya" deputatlari Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov va bosh prokuror Yuriy Lutsenkoga mushtlashuv yuzasidan Boykoga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish talabi bilan murojaat qilgan.

"Politsiya Oliy radadagi mushtlashuv yuzasidan davlat yoki jamoat arbobiga nisbatan tahdid yoki zo‘ravonlik qo‘llash uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi", deb ma'lum qilindi Ukraina milliy politsiyasi matbuot xizmati bergan xabarda.

Boyko va Lyashko Oliy radadagi yig‘ilishlardan birida mushtlashib ketgan. Lyashko Boyko Moskvaga borib, u yerdan ko‘rsatmalar olishini aytgandan keyin, Boyko unga musht tushirgan. Rada spikeri Andrey Parubiy parlamentning reglament qo‘mitasiga ikki deputatning bu qilmishlariga baho berish ko‘rsatmasini bergan. Keyinroq Boyko endi o‘z nomiga aytilgan haqoratlarga chidab o‘tirmasligi va ularning oldini olish uchun "shunday usullar qo‘llashini" aytgan. 
 

Top