22:42 / 17.11.2016
8821

Aniq fakt: Xitoyning millioninchi "Mersedes"i

Daimler va BAIC avtomobilsozlik korporatsiyalarining Pekinda joylashgan qo‘shma korxonasida yubiley sondagi avtomobil ishlab chiqarildi.  

Beijing Benz Automotive Co., Ltd (BBAC) ko‘shma korxonasi 2005 yildan beri Xitoyda "mersedeslar" ishlab chiqaradi. Ayni vaqtda korxona Mercedes-Benz’ning Xitoy uchun mo‘ljallangan 4 ta: C-Class, E-Class, GLA va GLC modellarini ishlab chiqaradi.

Korxona konveyeridan chiqqan yubiley sondagi avtomobil yangi avloddagi E-sinf sedani bo‘ldi. Mercedes-Benz’ning ta'kidlashicha, Xitoy ushbu model sotiladigan eng katta bozor hisoblanadi.

2013 yildan BBAC shuningdek 4 va 6 silindrli dvigatellar ham ishlab chiqaradi. Darvoqe, Daimler’ning Xitoydagi zavodi dunyo bo‘yicha eng kattasi hisoblanadi.

Xitoyliklar va nemislar bu bilan cheklanib qolishmoqchi emas: joriy yilda kompaniyalar korxonani kengaytirish uchun birgalikda 500 mln yevrodan ko‘proq investitsiya kiritish haqidagi kelishuvni imzoladilar.

Joriy yil bahorida Mercedes-Benz yangi avloddagi E-sinf sedanining uzaytirilgan versiyasini taqdim qilgandi. Mashinaning g‘ildiraklar bazasi 140 mm ga uzaytirilgan versiyasi ayni vaqtda faqatgina Xitoyda sotilmoqda. Bu mashina ham BBAC zavodida ishlab chiqarilmoqda.

 

Mavzuga oid
Top