
Bismillahir rohmanir rohiym
Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin.
Hozirgi kunimizda dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilish amri mahol, taqvo va parhezkorlikni, hossatan birovlarning haqidan qo‘rqmoqlik ko‘pchilik uchun go‘yoki amalga oshmaydigan xomxayoldan o‘zga narsa emas.
To‘g‘ri, Islom tarixini o‘rgansak, o‘tgan ulug‘larimizning har biri yuqorida zikri o‘tgan fazilatlarni o‘zida mujassam qilish borasida barchaga namuna bo‘ladigan darajada hayot kechirganlar. Buni hammamiz yaxshi bilamiz. Lekin bizning aybimiz: «Ularning davrlarida boshqacha edi, atrof-muhit, shart-sharoit, barcha fazilatlarni hosil qilish uchun imkoniyat cheksiz bo‘lgan, hozir esa umuman boshqacha. Agar taqvo qilaman desang umuman yashay olmaysan», degan bahonalar bilan o‘zimizni ovutamiz.
Ammo bu bahonalarimiz dunyo-oxiratda hech qanday muammoni hal etmaydi, yengillashtirmaydi va javobgarligimizdan soqit ham qilmaydi. Chunki bizning shariatimiz har qanday zamon va makonga mos bo‘lgan shariatdir. Shuning uchun ham bu shariat ahkomlari Qiyomat kunigacha boqiydir.
Agar ba'zilar o‘ylaganlaridek, u ma'lum bir zamon va makonga xos bo‘lganida, allaqachon boshqa dinlarga o‘xshab shariat ahkomlari bekor qilinar edi. Xulosa shuki, hozirgi zamonda ham shariatimiz ahkomlariga amal qilib, taqvoni o‘ziga shior qilib, unga muvofiq holatda hayot kechirayotganlar oz emas. So‘zimiz quruq bo‘lmasligi uchun ikki zamondoshimizning hayotida bo‘lgan hodisalarni ibrat tariqasida keltirib o‘tsak.
Birinchi voqea: Yaqindagina bir yoshgina yigitcha kelib: «Ustoz, duo qiling, imtihon natijalari e'lon qilinish arafasida turibmiz. Alloh taolo o‘zi sharmanda qilmasin, yaxshi baho chiqsin», deb duo so‘radi. Duo qilib bo‘lganimdan keyin esa: «Ustoz, bir narsadan nihoyatda hijolatdaman. Yoshlik qildim, imtihonga kirayotganimda bir yigit qo‘limga ruchka berdi. Bu ruchka bilan xato yozilgan joylarni bemalol o‘chirib, boshqatdan yozish imkoniyati bor ekan. Imtihonga kirayotganimizda tekshiruvchilar o‘sha ruchkani ham ko‘rishdi, lekin hech qanday e'tiroz bildirishmadi. Men ham nafsimga berilib, u ruchkadan imtihon davomida bir necha marotaba foydalandim, ya'ni xatolarimni o‘chirib, to‘g‘irladim. Endi esa qilgan ishimdan nihoyatda pushaymonman, xiyonat qildimmi, deb qo‘rqayapman. O‘zi boshida ota-onam: «Pul bermasang baribir kira olmaysan», degan edilar. Lekin men agar pora berish yo‘li bilan kiradigan bo‘lsam, o‘qimay qo‘yaqolaman, deb javob bergan edim. Bir haromdan qochib, o‘zim bilmagan holda ikkinchi bir haromni qilib qo‘ymadimmi, deya hijolatdaman» – dedi.














